Jahon | 19:17 / 01.06.2018
149107
4 daqiqa o‘qiladi

Saraton bilan "mukofotlangan" milliarder vafot etdi (video)

Ehtimol, Sidney (Avstraliya)da hashamatli hayot tarzini kechiruvchi musulmon yigit Ali Banat haqida eshitgandirsiz. Uch yil avval unga saraton kasalligi tashxisi qo‘yilgan edi. U o‘zining bedavo dardga yo‘liqqanidan xabar topishi bilan, darhol o‘z boyligini muhtojlarga taqsimlashga kirishdi. Kecha Ali hayotdan ko‘z yumdi...

Uning ishtirokidagi "Saratonga chalingan" filmi virus kabi tarqalgandan so‘ng uni taniy boshlaganlar o‘z pullarini Butun dunyo musulmonlari fondiga xayriya qilishmoqda.

Ali Banat aslida kim edi?

Ali Sidney janubi-g‘arbidagi Grinakrdda yashab, biznes bilan muvaffaqiyatli shug‘ullangan va farovon hayot kechirgan yigit bo‘lgan. O‘zining "Saratonga chalingan" filmida u Louis Vuitton brendi tuflilari, 60 ming dollarlik bilakuzuk, qimmatbaho ko‘zoynaklar kolleksiyasi o‘rin olgan yotoqxonasini namoyish qilgan. Uning avtomobillaridan biri Ferrari Spider 600 ming dollarga baholangan. Bularning barini u muhtojlarga berib yuborgan.

Foto: MATW Project

U saratonga yo‘liqishi bilan moddiy boyliklar hech qanday ahamiyatga ega emasligini anglab yetgan. "Bedavo dardga chalinganingiz yoki yashash uchun sanoqli kunlaringiz qolganini tushunganingizda bularning bari o‘z ahamiyatini yo‘qotadi", - deydi u.

Ali filmda saraton kasalligini Alloh tomonidan berilgan ne'mat sifatida qabul qilganini aytadi. U kasallikdan keyin yashagan davrini o‘ziga berilgan imkoniyat deb bilgan. U saraton hayotda ko‘p narsaga ko‘zini ochganini aytadi. Inson hatto olayotgan nafasining qadriga ham yeta boshlaydi, deydi u.

Shuningdek u filmda insonning ortidan u dunyoda faqat hayotlik chog‘ida berilgan sadaqasi yordam berishini qo‘shimcha qiladi.

"Tasavvur qiling, bu avvallari hech ibodat qilib o‘rganmagan inson. Moddiy badavlat kishi. Soatlarni shunchaki xobbi sifatida xarid qilgan va turli sport avtomobillariga egalik qilgan. Yillar o‘tib, u mutlaqo boshqa insonga aylandi, MATW loyihasini o‘ylab topib, qashshoqlarga yordam berdi".

Luqmon (@saywallahifam), 2018 yil 29 may

Foto: MATW Project

Unga yetti oy umri qolganini aytishgandi, biroq buning o‘rniga u yana uch yil yashadi, o‘zini to‘laqonli xayriyaga bag‘ishladi. Yigitning Muslims Around the World (MATW - Butun dunyo musulmonlari) tashkiloti ko‘plab mamlakatlar, jumladan Togo, Gana va Burkina-Fasodagi minglab odamlarga yordam berdi.

Ali Afrikadagi turli mamlakatlarga sayohat qildi va homiylar topish uchun o‘zi ham mehnat qildi, shunda xayriyaning 100 foizi loyihaga safarbar etilardi, ma'muriy xarajatlarni qoplash zarurati tug‘ilmasdi.

MATW loyihasi sharofati bilan 200 dan ziyod bevaga uy, masjidlar, 600 nafar yetim-yesirni sig‘diruvchi maktablar, mini-shifoxonalar/tibbiyot markazlari va korxonalar qurildi.

Musulmonlar va boshqalar Ali boshlab bergan xayrli ishni davom ettirishmoqda, zero ular bu loyihaning naqadar muhimligi yaxshi anglab yetishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Ali Banat bilan xayrlashib, u haqida faqat ijobiy fikrlar bildirishgan. Alining izdoshlari o‘z sahifalarida uning haqqiga duo qilishni so‘rashmoqda.

Mavzuga oid