Jamiyat | 19:09 / 13.07.2018
24779
12 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmagan bolalarning ta'minot olish huquqi qonun bilan kafolatlangan

Foto: Dreamstime

Ma'lumki, farzand tarbiyasi har bir ota-ona, qolaversa, jamiyat zimmasidagi o‘ta sharafli va ayni paytda mas'uliyatli vazifalardan biri sanaladi. Lekin hayotda o‘z farzandini tarbiyalash va ta'minlashdan bosh tortuvchi ota-onalar ham uchrab turadi. Mamlakatimizda joriy yilning o‘tgan 6 oyida ajrashib yashayotgan va voyaga yetmagan farzandining ta'minoti bilan ixtiyoriy shug‘ullanmagan 17 ming nafardan ziyod fuqarodan sud qarorlari asosida aliment undirilganligi bu fikrning tasdig‘idir.

Voyaga yetmagan farzand qachon imkoni bo‘lsa, otam yoki onam aliment to‘lasa, keyin yeb-ichaman, deb kutib turolmaydi. Shuningdek, o‘z vaqtida moddiy ta'minlash bolaning sog‘lom voya­ga yetishida muhim omil hisoblanadi.

Shuning uchun ota yoki ona farzandini moddiy ta'minlashdan bosh tortsa, manfaatdor to­mon aliment undirish haqida o‘z vaqtida sudga murojaat qilishi lozim. O‘z navbatida, buning uchun tegishli qonun talablarini va o‘rnatilgan tartibni bilish taqozo etiladi.

Bu haqda so‘z borganda, Oila kodeksining 14-bobida ota-ona hamda bolalarning aliment huquqi va majburiyatlari mustahkamlanganini ta'kidlash zarur. Ushbu kodeksning 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berishi shart. Voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish majbu­riya­tini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan aliment sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buy­rug‘iga asosan undiriladi.

Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da'vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning ta'minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da'vo qo‘zg‘atishga haqlidir.

Oila kodeksining 97-moddasida voyaga yetmagan bolalariga hamda voya­ga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligi belgilangan. Qonun talabiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.

Voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.

Qonun talabiga binoan, agar voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta'minoti uchun sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:

bir bola uchun — to‘rtdan bir qis­mi;

ikki bola uchun — uchdan bir qis­mi;

uch va undan ortiq bola uchun - yarmisi miqdorida aliment undiriladi.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori eng kam ish haqining 75 foizi, ya'ni ayni paytda 138 225 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi.

Qonun normasida voyaga yetmagan bo­lalarga undirilayotgan aliment miq­dori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e'tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkinligi belgilangan.

Bu holatda ham kamaytirilgan yoki­ ko‘paytirilgan aliment miqdori foiz­da emas, balki ota-onaning har oydagi ish haqi, boshqa daromadlarining muayyan qismida, ya'ni bola sonidan kelib chiqqan holda, yuqoridagi tartib asosida undirilishini e'tiborda tutish darkor.

Bundan tashqari Oila kodeksning qator normalarida aliment qat'iy summada belgilanishi nazarda tutilgan. Masalan, ota-onaning voyaga yetgan bolalariga aliment to‘lashi, aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalarning ota-onasiga ta'minot berishi holatlari shu jumlaga kiradi.

Oila kodeksining 144-moddasi 2-qismiga muvofiq, qat'iy summada undirilayotgan alimentlarni indeksatsiya qilish maqsadida alimentning miqdori sud tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan to‘lanadigan qat'iy summada belgilanadi.

Sud alimentni qat'iy summada undirish haqida qaror qabul qilar ekan, hal qiluv qarorining xulosa qismida shu summa muayyan miqdorda emas, balki eng kam oylik ish haqi­ning muayyan qismiga mos ravishda undirilishini ko‘rsatishi lozim.

Sodda qilib aytganda, sudning hal qiluv qarori xulosa qismida undiriladigan qat'iy summa 200.000 so‘m (yoki 300.000 so‘m) miqdorida deb emas, balki eng kam oylik ish ha­qi­ning 1,5 baravari (yoki 2 baravari) miqdorida deb qayd etilishi kerak.

Oila kodeksining 136-moddasiga muvofiq, ali­ment sudga murojaat etil­gan paytdan boshlab un­diriladi.

Agar ta'minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortgani oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan payt­dan boshlab uch yillik muddat doira­sida undirib olinishi mumkin.

Sud hal qiluv qarorining xulosa qis­mida aliment qaysi sanadan undirilishi ko‘rsatilishi shart.

Qonun talabi bo‘yicha, voyaga yetmagan bolalar huquqini o‘z vaqtida hi­moya qilish maqsadida aliment undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i yoki hal qiluv qarorlari darhol ij­roga qaratiladi.

Amaldagi fuqarolik protsessual qonunchilik talabiga ko‘ra, qonuniy nikohdan tug‘ilgan voyaga yetmagan farzand ta'minoti uchun aliment undirish haqidagi talab soddalashtirilgan tartibda, ariza beruvchi va javobgarni chaqirmasdan, sud buyrug‘i chiqarish orqali 3 kunlik muddatda ko‘­rib chiqiladi.

Bunda arizaga nikoh guvoxnomasi yoki nikoxdan ajrashganlik haqidagi guvohnoma, farzand tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma nusxalari, shuningdek, yashash va agar javobgarning ish joyi aniq bo‘lsa, ish haqi to‘g‘risida ma'lumotnoma ilova qilinishi kifoya.

Endilikda voyaga yetmagan bolalar ta'minoti bo‘yicha aliment undirish uchun arizalarni uydan chiqmasdan, fuqarolik ishlari bo‘yicha tegishli sudlarga elektron ravishda yuborish imkoniyati mavjud.

Ushbu jarayonni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik" qo‘shma loyihasi doirasida ish­lab chiqilib, ayni paytda samarali tatbiq etib kelinayotgan E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi or­qali tez va qulay tarzda amalga oshirish mumkin. Buning uchun quyidagi oddiy harakatlarni bajarish kifoya:

1) internet-brauzer or­qali v3.esud.uz saytiga kirish;

2) ro‘yxatdan o‘tish;

3) login va parolni terib, o‘z "shaxsiy kabineti"ga kirish;

4) "yangi ariza" menyusiga kirib, ko‘rilayotgan ish turi (sud buyrug‘i) ni tanlash;

5) arizani topshirmoqchi bo‘lgan sudni tanlash;

6) talablar turkumidan "voyaga yetmagan bolalar ta'­minoti uchun aliment undirish"ni tanlash;

7) qarzdor haqidagi ma'­lumotlarni to‘liq va aniq kiritish;

8) talab turiga ko‘ra, te­gishli ma'lumotlarni ki­ritish;

9) to‘langan davlat boji miqdorini ko‘rsatish;

10) ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning, shu jumladan, davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatning elektron nus­xasini axborot tizimiga yuklash;

11) "Saqlash va jo‘natish" tugmasini bosish lozim.

Murojaat qabul qilin­gan­ligi haqidagi ma'lumotni va uch kun ichida natijasi bo‘­yicha sud qarorini elektron shakl­da olish, ya'ni sudga kel­masdan turib, voyaga yet­magan farzand ta'minoti uchun aliment undirish mum­kin.

2018 yilning birinchi yarmida E-SUD tizimi orqali kelib tushgan aliment undirishga oid 15 ming 528 ta elektron ariza ijobiy hal etilgan. Bu, o‘z navbatida, shuncha miqdordagi voyaga yetmagan, ta'minotga muhtoj bolalarning moddiy ta'minot olish bo‘yicha huquqlari o‘z vaqtida tiklanganini anglatadi.

Shu o‘rinda voyaga yetmagan bolalar huquqini himoya qilish borasida amaldagi qonunchilikka qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganini ta'kidlash maqsadga muvofiqdir. Xususan, endilikda alimentni bola voyaga yetgunga qa­dar ko‘char va ko‘ch­mas mulk yoki bosh­qa qimmatli narsalar berish orqali bir yo‘la oldindan to‘lash mumkin.

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, shuningdek, moddiy yordamga muhtoj ota-onani moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash holatlari uchun ko‘riladigan sudlov choralari kuchaytirildi.

Ya'ni sud hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami ikki oy­dan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik — 15 sutka muddatga ma'muriy qamoqqa olish yoki ma'muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘l­magan shaxslarga eng kam ish haqi­ning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu harakat ma'muriy jazo qo‘l­lanilganidan keyin sodir etilsa, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi.

Bu harakat ilgari hukm qilingan jinoyatiga o‘xshash jinoyat sodir etgan, ya'ni muqaddam voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlagan shaxs, xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ikki yil­­dan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan marhum qilish bilan bog‘liq jazo belgilanadi.

Yana bir muhim jihat: agar shaxs ali­­ment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi. 

Xulosa qilib aytganda, ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik va jinoiy javobgarlik haqidagi amaldagi qonunchilikka kiritilgan ushbu qo‘shimcha va o‘zgartishlardan ko‘z­langan maqsad, bir tomondan, voya­ga yetmaganlar va mehnatga layoqatsiz shaxslarning moddiy ta'minot olish huquqlarini to‘la himoya qilish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ularning moddiy ta'minotiga javobgar shaxslarning mas'uliyatini oshirish sifatida namoyon bo‘ladi.

Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi raisi o‘rinbosari

Mavzuga oid