O‘zbekiston | 09:28 / 11.08.2018
7372
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining vazifalari belgilab berilmoqda

Foto: Afisha.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, quyidagilar davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining maqsadi hisoblanadi:

milliy va jahon teatr, opera va balethamdakonsert-tomosha san'atining boy an'analarini yuksaltirish, asrab-avaylash va rivojlantirish, zamon talablari darajasidagi sahna asarlarini sahnalashtirish, ularda milliy an'analarimizni ulug‘lash orqali umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, xalqimiz, ayniqsa yosh avlod ongida milliy va jahon madaniyati va qadriyatlariga nisbatan ehtirom hislarini oshirish, shuningdek, jahon teatr va tomosha san'ati sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlardan unumli foydalanish;
o‘zbek va jahon teatr, opera va balet hamda musiqa san'atining eng nodir namunalarini targ‘ib qilish, konsert dasturlarini g‘oyaviy badiiy saviyasini oshirish, aholining dunyo qarashini yangicha milliy istiqlol g‘oyasi asosida shakllanishiga, ma'naviy talablarini qondirish uchun qulay sharoitlar yaratish, vatanparvarlik, baynalminal, huquq va axloqiy tarbiyani o‘stirish, ularni demokratik davlat fuqarolik jamiyati qurish ishiga jalb etishga ko‘maklashish, erkin ijodiy o‘ziga xoslikni namoyish qilish imkoniyatlarini kengaytirish, xizmat sifatini oshirish;
O‘zbekiston teatr va tomosha san'atini mamlakatimizda va chet ellarda keng targ‘ib etish, gastrol faoliyatini shakllantirish va muvofiqlashtirish;
respublika miqyosidagi madaniy tadbirlarda, ko‘rik-tanlovlarda, festivallarda faol qatnashish va tashkil etish, teatrlashtirilgan tomoshalar va spektakllar, madaniy tadbirlar, ijodiy kechalar, konsert dasturlari tayyorlash.

Quyidagilar davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarining vazifalari hisoblanadi:

teatr va tomosha san'atini keng targ‘ib etish maqsadida mamlakatimizdagi va chet ellardagi muassasalar bilan madaniy, ilmiy-ijodiy, iqtisodiy hamkorlik qilish yuzasidan o‘zaro manfaatli shartnomalar, memorandumlar tuzish;
teatr va tomosha san'ati oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali tashkil etish uchun xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha choralarni ko‘rish, ularni ma'naviy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskorlikni rag‘batlantirishning samarali usullarini joriy etish;
milliy istiqlol g‘oyalariga hamohang, badiiy jihatdan yuksak, xalqchil sahna asarlari sahnalashtirish orqali o‘zbek milliy teatr va tomosha san'ati taraqqiyotiga hissa ko‘shish;
xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz qalbida milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vatanga muhabbat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat, gumanizm g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga barkamol sahna asarlari, tomoshalar va konsert dasturlari bilan hissa qo‘shib borish;
aholini turmush madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an'analar, marosimlar, milliy bayramlarni tiklash hamda davom ettirishda ko‘maklashish;
ko‘rgazmalar, festival, ko‘rik-tanlov, shoular (jumladan, xalqaro), lotereya, tele-loto o‘yinlar, ma'ruzalar, madaniyat, san'at, ilm-fanning atoqli arboblari bilan uchrashuvlar, benefist, teatr spektakllari, maxsus tayyorlangan dasturlar, dam olish va ijodiy kechalar, maqsadli teatrlashtirilgan marosim kechalari va boshqa tomosha tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish;
mamlakatda va xorijda teatr va konsert-tomosha gastrol faoliyatining keng ko‘lamli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Mavzuga oid