O‘zbekiston | 09:44 / 18.08.2018
66371
2 daqiqa o‘qiladi

Rahmon: Tojikiston qo‘shnilarini hech qachon suvsiz qoldirmaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tojikiston o‘z qo‘shnilarini hech qachon suvsiz qoldirmaydi. Bu haqda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralardan so‘ng ma'lum qildi.

«Shavkat Miromonovich va men suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha konstruktiv hamkorlikning muhimligini ta'kidladik», dedi Tojikiston rahbari. 

«Men turli xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMT tribunasidan ko‘p bora ma'lum qilganman, hamda bugun yana bir bor aytmoqchimanki, biz qo‘shnilarimizni hech qachon suvsiz qoldirmaganmiz va qoldirmaymiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Rahmon.

«Aksincha, biz bugun Sarez yuqori tog‘li ko‘lining toza suv resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishni boshlash haqida kelishib oldik va bu borada tegishli vazirlik hamda institutlarga topshiriq berdik», - deya qayd etib o‘tdi Tojikiston rahbari. 

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Sarez ko‘lining chuchuk suv hajmi 17 kub kilometrni tashkil etadi.

«Kelajakda biz ushbu loyiha mintaqamiz aholisini suv bilan ta'minlashga ulkan hissa qo‘shishiga ishonamiz», - dedi u. 

Mavzuga oid