Jamiyat | 22:18 / 11.09.2018
88714
7 daqiqa o‘qiladi

Andijon-Toshkent safari. Xorijlik sayyohlar oldida uyaltirgan poyezdlar

Andijondan Toshkent tomon bormoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar asosan poyezd yoki avtomashinadan birini tanlaydi. Avtomobilda uzoq yo‘l yurishning o‘ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari bor. Avtomobil ichida kamida besh soat harakatlanmay o‘tirasiz. Biroz vahimali Qamchiq dovonidan o‘tish kerak. Biroq poyezddan ko‘ra tezroq manzilga yetasiz va sizni Toshkent shahridagi aytgan manzilingizga olib borib qo‘yishadi.

Poyezd endi boshqacha... Butun dunyoda eng ko‘p foydalaniladigan jamoat transporti shu bo‘lsa kerak. Aniq jadval asosida ish yuritadi. Yo‘l davomida bemalol vagon ichida harakatlanishingiz mumkin. Xavfsizlik choralari mavjud. Uning qulayliklari haqida uzoq gapirish mumkin. Shuning uchun O‘zbekistonni kezish uchun kelgan chet ellik sayyohlar ham ko‘proq poyezdni tanlaydi.

Narxlarga to‘xtalamiz. Toshkentga taksida ketmoqchi bo‘lsangiz, «pitak»da bugungi narxlar - 40 ming so‘mdan 60 minggacha. Deylik, «Neksiya»da ketish - 40-50 ming so‘m, «Lasetti» - 60 ming so‘m.

Temir yo‘l transportida esa Andijondan Toshkentgacha bo‘lgan narxlar quyidagicha: Econom - 58 000 so‘m, Business klass - 89 000 so‘m va VIP klass - 168 000 so‘m.

Kuni kecha aynan ushbu yo‘nalish bo‘yicha yo‘lda poyezd vagonlarida yo‘lovchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni kuzatdik.

Chipta olish

Hammasi yaxshi. Chiptaxona kun davomida uzluksiz ishlaydi. Naqd pul yoki plastik kartochka orqali muammosiz chipta sotib olish mumkin.

Biz kech soat to‘qqizlarda borib, 61-sonli yo‘nalishdagi poyezdning ertalabki soat 06:20da yo‘lga chiquvchi - «Yeconom», xalq tili bilan aytganda «umumiy» vagoniga 58 ming so‘mga ketishga va qaytishga 17:24dagi poyezdga chipta sotib oldik. Kassadagi xodim: «Qaytishga «platskart»da kelasiz» deb qoldi.

Vokzal  va yo‘lga chiqish

Andijon vokzaliga erta tong soat 5:20larga keldik. Yo‘lovchilar asta-sekin o‘tish yo‘lagini to‘ldirayotgandi.

Vokzal binosida xodimlar muomalasi yomon emas. Sharoitlar ham. Yukingizni olib borish uchun aravalar ham bisyor.

Lentadan yukni o‘tkazgach, hujjatlarni tekshirtirib, poyezdga chiqishga tayyor bo‘lib oldik. Vokzal radiosidan o‘ziga xos tovushda «Andijon-Toshkent poyezdi birinchi yo‘lga keldi. Yo‘lovchilar chiqishlari mumkin» degan e'londan so‘ng hamma vagonlar sari yurdi. Yo‘lovchilar soni kamdek. Chunki, eshelonda 7ta vagon bor edi. Vagon kuzatuvchisi (provodnik) chiptani olib, joyimni ko‘rsatib berdi.

To‘g‘risi, mana shu temir yo‘l chiptalarini o‘qib tushunish uchun alohida kursni tugatish kerak, chog‘i. Qaysidir qismi lotin tilida, qolgani kiril alifbosi bilan rus tilida yozilgan. Chet elliklar ham ko‘rib tushunmasa kerak. Aytib qo‘yay, uning nomi «chipta» emas - «yo‘l hujjati».

Shundan so‘ng joyimni topib o‘tirdim. Vagon 70 foizga to‘lgan. Bo‘sh joylar Marg‘ilon, Qo‘qon va Popdan chiqadiganlarga sotilgan bo‘lsa kerak degan fikrga keldim. Poyezd aniq chiptada ko‘rsatilgan vaqtda joyidan qo‘zg‘alib, yo‘lga chiqdi.

Qulayliklar

Vagonda 54ta o‘rindiq. O‘rtada yo‘lak va ikki tomonda ikkita juft o‘rindiqli joylar. Yakka o‘rindiqqa ega bo‘ldim. Suyanchig‘ini o‘zingizga mos qilib olish imkoniyati bor ekan. Uyali aloqa vositasini «zaryadka» qilib olish uchun o‘rtada bir juft moslama borligi quvontirdi.

Oldingizdagi kursi orqasidagi moslamalardan ovqatlanish uchun foydalansa bo‘ladi. Oyoq qo‘ygich ham bor.

Yo‘lak tepasida ikki tarafli televizorlarda qiziqarli filmlarni qo‘yib berishar ekan.

Kamchiliklar

Qulayliklar haqida shular. Endi ko‘rinib turgan ba'zi kamchiliklar haqida. To‘g‘risi, muammoning katta-kichigi bo‘lmaydi. Tahririyatimizga kelgan murojaatlarda poyezdda tozalik va hojatxonadagi sanitariya holati yomonligi haqida yozishgan edi.

Haqiqatda, har qanday xonadon, tashkilot, muassasa va jamoat joylarida kishilar ko‘p foydalanadigan joylardan biri bu – hojatxona. Poyezdda ham shu masala juda dolzarb. 

Afsuski, biz ichida 6 soat bo‘lganimiz poyezd bu jihatdan maqtana olmaydi. Hojatxonada tozalikka e'tibor qaratilmas ekan. Suratlarda ham ko‘rishingiz mumkin. Kirsangiz faqat ta'bingiz xira bo‘ladi. Hojatxona va qo‘l artish uchun qog‘ozi uchun ikkita moslama o‘rnatilgan bo‘lib, ikkalasi ham bo‘m-bo‘sh edi. Qo‘l yuvadigan joy ham tozalikdan uzoq. Sovun degani juda eskirib ketgan.  Oddiygina lekin muhim muammo. Chunki, ertalab vokzalda xorijlik sayyohlar guruhi ham vagonga chiqayotganini ko‘rgandim. Yurtimizga kelayotgan chet elliklar tabiatimiz, urf-odatlarimiz, qadimiy binolarimiz kelib tomosha qilishga arzishini aytib, lekin yo‘l va hojatxonalar talab darajasida emasligiga bejiz urg‘u berishmaydi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ mana shu jihatga e'tibor qaratsa yaxshi bo‘lar edi.  Hamrohim Habibullo ota ziyoli inson ekan. U kishi uch kun oldin Qo‘qonga kelishda ham vagon hojatxonasi iflosligi uchun bir guruh germaniyalik turistlar oldida xijolat chekkanini aytib berdi.  

Vagonga chiqib o‘tirganimizdan yarim soatlar o‘tib, vagon kuzatuvchisi taqsimchaga qo‘yib bir martalik stakanchalarda kofe keltirdi. Xohlaganlar ichdi. Keyin 2 ming so‘mdan yig‘ib olindi.

«Nega pullik?», degan savolga, «Kofe pullik, choy bepul», deya javob qaytardi. Lekin, choy keltirmadi-ku, yana bir marta pullik kofe keltirib tarqatdi. Biror joyda poyezdda qaysi xizmatlar pullik yoki bepulligi haqida ma'lumot yo‘q ekan.

Vagon-oshxonadagi sharoitlar alohida mavzu...

Toshkentda ishlarni bitkazib, kechki reysda platskart vagon orqali Andijonga qaytdim. Qaytgan vagonimda esa birorta elektr rozetkasi ishlamasligi bilan yodda qoldi.

Qolgani, yana o‘sha muammolar...

Maqolam cho‘zilib ketdi. Keyingi gal vodiydan Toshkentga avtomashinada borib-kelish qanday kechishi haqida yozmoqchiman...

Yo‘lovchi Elmurod Ermatov

Mavzuga oid