Sport | 20:58 / 19.10.2018
5287
2 daqiqa o‘qiladi

«Uimbldon» tennis musobaqasi qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi

2019 yildan boshlab “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi “Uimbldon” tennis musobaqasi uchrashuvlarida hal qiluvchi setda hisob 12:12 bo‘lganda tay-breyk o‘ynaladi.

Bunday qaror uzoq cho‘ziluvchi o‘yinlarga barham berish maqsadida qabul qilindi. Avvalgi qoidalarga ko‘ra o‘yin raqiblardan biri 2 ta geym ustunlikka ega bo‘lmaguncha davom etgan. 

Joriy yilda “Uimbldon”ning janubiy afrikalik tennischi Kevin Anderson va amerikalik Jon Izner o‘rtasidagi yarimfinal uchrashuvi 6 soat 35 daqiqa davom etgan. Uchrashuv Anderson foydasiga 7:6 (8:6), 6:7 (5:7), 6:7 (9:11), 6:4, 26:24 hisobida yakunlangan. E'tiborlisi, hal qiluvchi set 3 soatdan ko‘proq davom etgan. Tennischi g‘alabadan keyin qoidalarning o‘zgartirilishi haqida o‘ylab ko‘rishga chorlagan.

Bu uchrashuv musobaqaning eng uzoq davom etgan 2-raqamli uchrashuvi bo‘ldi: 2010 yilda Jon Izner va fransuz Nikola Maya o‘rtasidagi uchrashuv 11 soat 5 daqiqa davom etgandan keyin amerikalik foydasiga 6:4, 3:6, 6:7, 7:6, 70:68 hisobida yakunlangan.

Endi esa hal qiluvchi setda 12:12 hisobida tay-breyk o‘ynaladi. Bunda 2 yoki undan ko‘proq ochkoga ega bo‘lgan va birinchi bo‘lib 7 ochko yig‘adigan o‘yinchi g‘olib bo‘ladi.

Bu musobaqaning barcha yo‘nalishlariga taalluqli bo‘ladi.

Mavzuga oid