Sport | 18:39 / 27.10.2018
11328
3 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Ashurmatov: «Final oldidan qo‘rquv yo‘q»

Baxtiyor Ashurmatov / Foto: Jahongir Fayzullayev

O‘zbekiston Kubogi finalidan o‘rin olgan OKMK - «Paxtakor» o‘yinidan oldin, olmaliqliklar ustozi Baxtiyor Ashurmatov va yarimhimoyachisi Vladislav Kasminin matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

«Ertaga bizni juda qiziqarli o‘yin kutib turibdi. Final oldidan bizda biroz hayajon bor, lekin aslo qo‘rqayotganimiz yo‘q. So‘nggi o‘yinlarda muvaffaqiyatsizlikka uchradik. Aynan shu sababdan ham ertaga yaxshi o‘yin namoyish etishimiz shart.

Bizda tarixda yangi sahifa ochish imkoniyati mavjud. Ishonaman, yigitlar buni yaxshi tushunib turishibdi. Shu boisdan ham ertaga bor mahoratimizni ishga solishimiz lozim bo‘ladi. To‘g‘ri, «Paxtakor» – juda kuchli jamoa. Bu klubda ajoyib mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Lekin biz o‘z o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz.  

Futbolchi sifatida ko‘plab finallarda ishtirok etganman. Endi ilk marta murabbiy sifatida final bahsini o‘tkazaman. Murabbiy sifatida finalda ishtirok etish mas'uliyatliroq ekanini ayta olaman. Agar ertaga shogirdlarim o‘z faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata olsa, g‘olib chiqib, ilk marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritamiz.

Final bahsiga imkon qadar yaxshi hozirlik olib borishga harakat qildik.  Finalda bizni qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarimiz ishonchini oqlashimiz talab etiladi», - dedi murabbiy.

«Ertaga ijobiy natijaga umid qilyapmiz. Jangovar ruhda tayyorgarlik olib borayotganimizni ta'kidlay olaman. O‘zbekistonning ayni paytdagi eng kuchli klublaridan biriga qarshi maydonga chiqamiz. Qo‘ldan kelgancha yaxshi o‘yin namoyish etishga harakat qilamiz. Ayrimlar OKMK jamoasining finalga qadar yetib kelishini kutmagandi. Lekin biz buni uddaladik. Endi maqsadga qadar yana birgina, oxirgi qadam qolmoqda»,  - dedi Vladislav Kasminin.

OKMK - «Paxtakor» o‘yini Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida 28 oktabr kuni soat 15:00da boshlanadi.

Mavzuga oid