Jahon | 21:31 / 27.01.2019
27982
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tajribasi: Saratovda o‘qituvchilar qoplarga qor solishga majburlandi

Rossiyaning Saratov shahrida obodonlashtirish ishchilari ulgura olmaganligi sababli maktab o‘qituvchilari ko‘chalarni qordan tozalash uchun shanbalikka olib chiqildi.

Saratovda 95-sonli maktab o‘qituvchilari xazon yig‘ishga mo‘ljallangan qoplarga qor solishga majburlandi. Pedagoglarning shanbalik jarayonidan fotolar Tvitterda e'lon qilindi. Buni shahar aholisi ham foto ostidagi izohlarda tasdiqlagan.

Foto: Tvitter

Shahar administratsiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ish shanbalik doirasida o‘tkazilgan va bir soatdan ortiq davom etmagan. 24 yanvarda shaharga ko‘p qor yog‘ganligi sababli o‘qituvchilar darslardan ozod qilinib, qor tozalashga chiqarilgan. O‘qituvchilar qo‘shimcha ish uchun haq olgani noma'lumligicha qolmoqda.

Tabiat injiqliklari bilan bog‘liq holatlarda O‘zbekistonda ham o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga undash holatlari tez-tez uchrab turadi. 2019 yil yanvar oyi boshida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi joylashtirilgan.

Unda o‘qituvchilarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanishi haqida so‘z boradi.

Mavzuga oid