O‘zbekiston | 23:20 / 31.01.2019
9922
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek adabiyotida adabiy tanqid sustlashib ketgani ta'kidlandi

Bugun 31 yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi anjumanlar zalida mahalliy jurnalistlar, taniqli yozuvchi va shoirlar, ijodkor yoshlar ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirildi. Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz jurnalisti shu haqda xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va uyushma raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Jonuzoq mazkur uyushma qoshida tashkil etilgan yosh ijodkorlar to‘garaklari haqida ma'lumot berdi.

Ahmadjon Meliboyev, "Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri

Anjumanda shu paytga qadar faoliyat olib borgan “Onajonim she'riyat” to‘garagi ijodkor yoshlarni izlab topish, ularning salohiyatini oshirish va intilishlarini ro‘yobga chiqarish borasida katta turtki bergani, ushbu to‘garak faoliyatidan orttirilgan tajriba asosida endilikda adabiy janrlar bo‘yicha alohida to‘garaklar faoliyat olib borishi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda so‘zlar ekan, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad faoliyati to‘g‘ri tashkil qilingan adabiy to‘garaklarning har doim ham ijodga kirib kelayotgan yoshlarni kashf etish va iste'dodini charxlashda o‘rni yuqori bo‘lgan, deya ta'kidladi. Jumladan, bir paytlar Samarqandda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nuriddin Shukurov asos solgan “Shalola” to‘garagi o‘zbek adabiyotiga ko‘pgina zabardast ijodkorlarni yetkazib bergan, dedi u.

Xurshid Do‘stmuhammad, yozuvchi

«Tan olaylik, o‘zbek adabiyotida adabiy tanqid sustlashib ketdi. Bu yo‘nalish hozir deyarli ishlamayapti. Yangi tashkil etilgan to‘garaklarda kuchli adabiy tanqidchilar, tahlilchilar yetishib chiqishini kutyapman»,  dedi anjumanning yana bir ishtirokchisi, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov to‘garaklar haqida fikr bildira turib.

Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori (chapdan birinchi)

Yozuvchilar uyushmasi qoshida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan to‘garaklar badiiy tarjima, she'riyat, nasr va adabiy tanqid kabi janrlarda faoliyat olib boradi.

Rustam Mirvohid, shoir

Matbuot anjumanida mazkur to‘garaklarni kelgusida ko‘chma tarzda turli ta'lim muassasalarida ham tashkil etilishiga alohida urg‘u berildi. Badiiy ijodga kirib kelayotgan barcha yoshlar ushbu to‘garaklarda o‘z mahoratlarini oshirishi mumkin.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi qoshida tashkil etilgan to‘garaklar haqida batafsil ma'lumotlarni (+998 99) 898-30-22 telefon raqamlaridan olishingiz mumkin.

Mavzuga oid