O‘zbekiston | 09:34 / 23.02.2019
12265
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston majburiy mehnat bo‘yicha yana bir hujjatni ratifikatsiya qilmoqchi

Foto: Shutterstock

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida tegishli qonun loyihasi joylashtirilgan.

Ratifikatsiya qilinishi taklif etilayotgan Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-Konvensiyasiga (1930 yil) Bayonnoma Jyenevada 2014 yil 11 iyunda qabul qilingan, deb yozadi Norma.  

29-Konvensiyaning o‘zi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan (Oliy Majlisning 30.08.1997 yildagi 492-I-son qarori). Unda uni ratifikatsiya qilgan XMT a'zolarining zo‘raki yoki majburiy mehnatni qo‘llashning barcha shakllarini bekor qilish majburiyati qayd etilgan. Shuningdek Konvensiyada «zo‘raki yoki majburiy mehnat» atamasining mohiyati ochib berilgan. U ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif etmagan har qanday shaxsdan har qanday jazolash tahdidi ostida talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmatni anglatadi.

Bayonnoma 29-Konvensiya qoidalarini to‘ldiradi va zo‘raki mehnatning oldini olish maqsadida qabul qilinishi zarur bo‘lgan quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutadi:

• shaxslar zo‘raki mehnat qurbonlariga, ish beruvchilar esa – bunday amaliyot ishtirokchilariga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularni o‘qitish va xabardor qilish; 
• mehnat inspeksiyasi organlari va zo‘raki mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijro etilishi uchun mas'ul bo‘lgan boshqa xizmatlarni mustahkamlash;
• mehnat migrantlarini jalb qilish va yollash jarayonida firibgarlardan himoya qilish;
• zo‘raki yoki majburiy mehnatning bosh sabablarini hamda xavfini oshiradigan omillarni aniqlash va b.

Bayonnoma zo‘raki mehnat qurbonlariga yetkazilgan zarar qoplanishini ta'minlashga, shuningdek bunday mehnatda ishtirok etish asnosida sodir etgan g‘ayrihuquqiy qilmishlari uchun ularni javobgarlikka tortmaslikka va sanksiyalarni qo‘llamaslikka chorlaydi.  

Bundan tashqari, Bayonnoma bilan Konvensiyadan bir qator qoidalar chiqarib tashlangan. Chunonchi, 1-moddasidan jamoat maqsadlarida va istisno tariqasida zo‘raki mehnat qo‘llanishiga ruxsat beruvchi 2-band chiqarib tashlangan. Shuningdek bunday mehnatga yo‘l qo‘yiladigan shartlar va kafolatlar ham bekor qilingan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.          

Mavzuga oid