Jahon | 10:30 / 03.04.2019
11348
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning yangi prezidenti lotin alifbosiga o‘tish haqida gapirdi

© Sputnik / Bolat Shayxinov

Qozog‘istonning yangi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qozoq tili lotin yozuviga o‘tkazilishini aqliy takomillashishning muhim bosqichi deb atadi.

«Alifbo tanlovi — faqat yozuv shaklini tanlash emas. Bugungi kunda Qozog‘iston katta davrdan ortda qolmaydi: qo‘shni davlatlar ham lotin yozuviga o‘tishgan, jahonda ma'lumotlarning 90 foizi lotinchada tarqaladi. Barchaga ma'lumki, kim ma'lumotlarga ega bo‘lsa, o‘sha fan va texnologiyani rivojlantira oladi. Qozoq tilini lotinchaga o‘tkazish — aqliy takomillashishdagi muhim bosqichdir», — degan davlatning yangi rahbari.

U qator jamoatchilik tashkilotlari va kompaniyalar allaqachon o‘z ishini lotin yozuvida yuritishni boshlaganini qo‘shimcha qilgan. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, qozoq tilini lotin yozuviga o‘tkazish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Respublikaning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev 2018 yilning aprelida hukumatga qozoq tilidan lotin alifbosiga o‘tish grafigini tayyorlash vazifasini topshirgandi. Yangi alifboda 32 harf bo‘ladi va apostrof bo‘lmaydi. Davlat tilini lotinchaga o‘tkazish jarayonini 2025 yilgacha yakunlash ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid