O‘zbekiston | 11:10 / 07.04.2019
8734
3 daqiqa o‘qiladi

SMTI eksperti Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha hisobotini sharhlab berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Adhambek Rashidbekov Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) «O‘zbekistonda 2018 yilda paxta mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish haqida»gi hisobotini qisqacha sharhlab berdi.

— Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotida O‘zbekiston bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etishda sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishgani qayd etiladi. Xususan, O‘zbekiston hukumati bu borada «qat'iy siyosiy iroda namoyish etyapti va majburiy mehnat bilan bog‘liq muammoni yechish uchun izchil sa'y-harakatlar olib borayapti» deya ta'kidlangan. Ayniqsa:

- paxta mavsumida tizimli majburiy mehnatdan voz kechish;

- talaba, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari mehnatidan foydalanishga taqiq qo‘yish;

- terimchilar mehnati va ularga haq to‘lash shart-sharoitlari yaxshilanishi;

- ish o‘rinlari yaratish borasida yuqori salohiyatga ega va majburiy mehnatni to‘la bartaraf etishga ko‘maklasha oladigan xususiy tekstil klasterlarini amaliyotga joriy qilish;

- amaldorlarning mustaqil monitoring olib borishga aralashmagani va jamiyatning majburiy mehnatdan foydalanish hollari to‘g‘risida xabardorligini oshirishda hech qanday to‘siqlar yo‘qligi;

- majburiy mehnat masalalarini yoritishda OAVning faollashuvi va umuman, bu sohada O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan boshqa chora-tadbirlarga xisobotda yuksak baho berilgan.

Mart oyi oxirida AQSh Mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar «qora ro‘yxati»dan chiqargan edi.

Albatta, bu quvonarli voqealar O‘zbekiston Harakatlar strategiyasi doirasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan aniq va samarali chora-tadbirlar amalga oshirib kelayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, mamlakatimiz o‘z zimmasiga olgan barcha xalqaro majburiyatlarga amal qilish va ularni bajarishda qat'iyligini anglatadi.

Shuningdek, O‘zbekistonning ulkan islohot va tub yangilanishlarni ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan sa'y-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilayotganini bildiradi.

O‘zbekistonning bu borada yuritayotgan siyosati iqtisodiy samara berishi turgan gap. Sababi, yuqorida qayd etilgan ijobiy o‘zgarishlar o‘zbek paxtasining eksport geografiyasi kengayishiga xizmat qilib, mahalliy tekstil va yengil sanoat mahsulotlari samaradorligi oshishi hamda sohaga investitsiya va texnologiyalar kirib kelishiga turtki beradi.

Mavzuga oid