Jahon | 00:53 / 15.05.2019
67979
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng chuqur joyida kutilmagan “topilmalar” aniqlandi

Foto: Caladan Oceanic LLC

53 yoshli amerikalik tadqiqotchi va sarmoyachi Viktor Veskovo boshchiligidagi Five Deeps ekspeditsiyasi dunyoning eng chuqur nuqtasi – Mariana botig‘ining eng tubiga yetib, kutilmagan manzara guvohi bo‘ldi.   

Veskovoning DSV Limiting Factor suv osti kemasi 10928 metrlik chuqurlikka sho‘ng‘iy oldi. 13 mayda ekspeditsiya Mariana botig‘iga sho‘ng‘ish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatilganini e'lon qildi. Avvalgi rekord 10912 metrni tashkil qilib, 1960 yilda okeanshunoslar Don Uolsh va Jak Pikar tomonidan “Triyest” kemasida o‘rnatilgan.

Ushbu rekord egasi Uolsh ham Veskovo kemasi bortida bo‘lgan.

Ekspeditsiya Mariana botig‘ining Chellenjyer deb ataluvchi chuqurligida o‘tgan. Rekord sho‘ng‘ishni “Diskaveri” kanali tasvirga olgan.

Foto: Caladan Oceanic LLC
Foto: Caladan Oceanic LLC

Veskovo jamoasi botiqning tubiga besh marta tushgan. Olimlarning aytishicha, ular 8 km chuqurlikda pushtirang shilliqqurtni hamda qisqichbaqasimonlarning 4 ta yangi turini uchratishgan. Biroq eng “hayratlanarli topilmalar” plastik paket va bir nechta konfet qog‘ozi bo‘lgan. Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, olimlar topilgan jonzotlarda qancha miqdorda mikroplastik borligini aniqlash uchun ularda sinov o‘tkazishadi. Ekspeditsiya ishtirokchilari insoniyatning ekologiyaga ta'siri sayyoramizning eng olis nuqtalarida ham ko‘rinayotganini afsus-nadomat bilan ta'kidlab o‘tishgan. 

Mavzuga oid