Sport | 15:15 / 03.07.2019
14696
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek basketboli afsonasi Ravilya Salimova olamdan o‘tdi

O‘zbek sportining afsonalaridan biri, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, basketbolchi Ravilya Nadjipovna Salimova bugun, 3 iyul kuni 77 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati ma'lum qildi.

Ravilya Salimova 1941 yil 8 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. Basketbol bo‘yicha sobiq ittifoq terma jamoasi tarkibida 2 karra  jahon chempioni, 4 karra Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, ikki marta butunjahon Universiada o‘yinlarida oltin medallarga sazovor bo‘lgan.

Salimova klubdagi faoliyati davomida nafaqat sobiq ittifoq, balki qator xorijiy jamoalardan taklif bo‘lsa-da, faqat Toshkentning «Mehnat» va SKIF jamoalari sharafini himoya qildi. Professional sportdagi faoliyatini yakunlagach O‘zbekistondagi ko‘plab bolalar va o‘smirlar sport maktablarida o‘z mahoratini yoshlarga o‘rgatib keldi.

Kun.uz tahririyati Ravilya Salimovaning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid