Jamiyat | 18:36 / 08.07.2019
19092
8 daqiqa o‘qiladi

Chust tuman hokimligi bir yildan buyon sud qarorini ijro qilmayapti

Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Ushbu qoida bosh qomusimiz Konstitutsiyamizning 114-moddasi, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida qat'iy belgilab qo‘yilgan. Biroq bu normani tushunish kimlar uchundir hali hanuz murakkablik qilmoqda, nazarimizda. Tahririyatga  yo‘llangan navbatdagi murojaatda sudning qarori ijro etilmayotganligi haqida bayon etiladi.

Biz ushbu murojaatlar izidan Xazrati Lutfulloh yurti sanalmish Chust tumani tomon ravona bo‘ldik. Bu yerda murojaat egasi Usubjon Xamdamovning xonadonida bo‘lib, masala yuzasidan suhbatlashdik. Dastavval uning so‘zlarini keltirib o‘tishni lozim topdik.

Картинки по запросу чуст тумани

«O‘z arizangiz bilan yeringizni olib qo‘yamiz»

«2003 yil «Ko‘paysin aya» nomli paxta-g‘alla yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil qilganmiz. Otam Umarjon Xamdamov shu yerlarda 30 yil mehnat qilgan. Zamon o‘zgarib yer fermerga tegdi. Biz ham o‘z fermer xo‘jaligimizni tashkil qildik. Bizga berilgan yer juda qarovsiz, abgor holda bo‘lgan. Bu joyga qaradik, o‘z texnikalarimizni tashkil qildik. Berilgan rejalarni bajarib, mehnat qilib kelar edik. 2009 yil noyabr oyida otam yig‘ilishga deb chiqib ketdi. Qaytib kelib, «O‘g‘lim, yerimizni olib qo‘yishdi» dedi. Bir necha marta murojaat qilsak, bu masalada Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqanligini aytishdi. Biz ishonmay rosa murojaatlar bilan «yozdi-yozdi»lar qildik. Prezident devoniga, Bosh prokuraturaga yozdik. Davlat rejalarini bajarganimizni aytdik. Prezident devoni arizamizni qaytarib hokimiyatiga jo‘natdi. Hokimiyatdagilar «o‘z arizangiz bor ekan» degan vajni keltirishdi. Biz hayron bo‘lib qoldik. O‘sha arizani qidirib topgandik, ne ko‘z bilan ko‘rsakki, boshqa muhr, boshqa imzo... Prokuraturaga yozgandik. Prokuratura ichki ishlarga berdi. Ichki ishlar berilgan ariza qalbaki deb, bizga tuman ma'muriy sudga yozishimizni tushuntirishdi. Shunday qilib sudga ariza beradigan bo‘ldik» deydi chustlik dehqon.

Usubjon Xamdamov

Sud qarori bor, ammo ijro yo‘q

«O‘tgan yilning fevralida sud ishni ko‘rib chiqishni boshladi. Avvaliga taraflar kelsin dedi. Sudning keyingi majlislarida ham yerni yangi olgan fermer kelmadi va sud o‘sha fermer ishtirokisiz qaror chiqardi. Biz sudda yutib chiqdik. Keyin fermerlar kengashi yerni olgan yangi fermerni himoya qilib kassatsiya shikoyatini berdi. Kassatsiya sudi ishni boshidan boshlash uchun Popdagi sudga jo‘natdi. Pop sudi ham o‘tgan yili iyun oyida bizning foydamizga qaror chiqardi. Hokim qarorini haqiqiy emas deb topdi. Ariza soxta bo‘lib chiqdi. Ammo qaror ijrosini yana hokimiyatga berdi. Ijrodan esa darak yo‘q. Orada otamning sog‘lig‘i yomonlashdi. Insultni boshidan kechirdi. 2 nafar farzandim bor. Ishlashim kerak-ku. Ijroni kutib yurdim. Keyin bosh prokuraturaga chiqdim, Ombudsmanga chiqdim. Prezident portali, Oliy sud, Adliya vazirligiga yozdim. Masala hal bo‘lishidan darak yo‘q» deydi Usubjon Xamdamov.

Hujjatlar tilga kirganda

Yuqorida fermer tomonidan sodda qilib aytilgan holatni keltirdik. Endi fermer bergan xujjatlarga asoslanib o‘z xulosalarimizni bayon qilsak.

2009 yil 30 noyabr kunida Chust tumanining o‘sha vaqtdagi hokimi Xayrullo Bozorov (hozirgi vaqtda Namangan viloyat hokimi) tomonidan chiqarilgan qarorga binoan «Ko‘paysin aya» fermer xo‘jaligi ixtiyorida bo‘lgan 32,4 gektar yer (5,31,36 konturdagi) fermer xo‘jaligi rahbarining o‘z arizasiga binoan tuman zaxirasiga olingan va fermer xo‘jaligi tugatilgan.

Yillar mobaynida o‘z dodini kimga aytishni bilmay, yopiq eshiklar ostonasida qolgan ushbu fermerga o‘xshash shikoyatchilar uchun nihoyat eshiklar ochildi. Ma'muriy sudlar tashkil qilindi. Fermer ma'muriy sudga o‘z arizasini kiritgan va 2018 yil 23 fevral kuni Chust tuman ma'muriy sudi 2009 yilgi 520 va 657-sonli tuman hokimi qarorlarini haqiqiy emas deb topgan.

Fermerlar kengashining kassatsiya shikoyati bilan Namangan viloyat ma'muriy sudi kassatsiya tartibida ishni ko‘rib chiqadi va 2018 yil 10 may kuni ishni yangitdan ko‘rish uchun Pop tuman ma'muriy sudiga yuboradi.

2018 yil 21 iyun kuni Pop tuman ma'muriy sudi tomonidan ham arizani qanoatlantirish lozim topilgan. Bu qarorga kelish uchun yer noqonuniy olinganligi, fermer nomidan soxta ariza qilinganligi vaj sifatida keltirilgan. 

Xo‘sh, sudda murojaat qilgan shaxs yutib chiqibdi, yana nima muammo deb o‘ylayotgandirsiz. Bu savol biz tomonimizdan ham berilgan edi. Shunda murojaatchi qo‘limizga bir enlik ijro varaqasini tutqazdi. 11 iyul 2018 yildagi ijro varaqasiga ko‘ra, ijro qilish vazifasi Chust tuman hokimligiga «ishonib topshirilgan». 

«Ichi bo‘m-bo‘sh» hokimlik

Qo‘limizdagi bir dasta hujjatlarni ortmoqlab, Chust tuman hokimligi tomon yo‘lga tushdik. Bu hokimlikka oldin ham yo‘limiz tushgan, biroq tuman hokimi bilan uchrashish «baxti»ga erisholmagan edik. Bu safar ham bu bizga «armon» bo‘ldi. Hokim yordamchisi bizga hokimbuva tashqariga chiqqanligini aytdi. Masalani jiddiyligini aytishimizga qaramay, na hokim, na o‘rinbosar, na huquqshunos bilan uchrasha oldik. Ularning o‘z funksional vazifalari borligini tushunamiz. Biroq ular bilan uchrashtirish uchun ham harakat sezilmadi. Shunga qaramay, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Abdullayev bilan telefon orqali suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. Hokim o‘rinbosari bizga bu ish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanganligi va qaror faqatgina hokim tomonidan imzo qo‘yilishi qolganligini bildirdi. 

Ana sudga hurmat! Ana Chustda ishlar qanday ketmoqda?! Sud qarori bilan hokim qarori bekor qilinsa va yana buni ijrosi yana hokimga aylanib kelaversa. Holat haqida shikoyatchiga aytganimizda hech hayron bo‘lmay shunday javob berdi: «Oldingi safar ham birinchi sud qarori chiqqan vaqtda bular hokimga tayyor qilib berishganini aytishgandi. Shu sababli, hokimni kutib-kutib, kechki payt uchrashib so‘raganman. «Qaror mening ish stolimda bo‘lishi bilan imzolab beraman» degandi. Undan beri qancha vaqt o‘tdi».

Mazkur masala vakolatli organlar tomonidan o‘rganib chiqilib, shoyadki bechora fermerning ohu-nolalarini eshitadigan, uning dardiga malham bo‘ladigan bir mard topilsa...

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid