Jamiyat | 10:20 / 10.07.2019
21739
6 daqiqa o‘qiladi

Pitnakda bir bog‘cha bor, ayvonlari xo‘b abgor...

Yosh avlodning tarbiyasi va ta'limiga bo‘lgan e'tibor har qanday mamlakatning qudratida o‘z aksini ko‘rsatadi. O‘zbekiston aholi soni yuqori sur'atlarda o‘sib borayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xalqimiz azaldan «bolajon» bo‘lgan, bizda aholining umumiy sonida bolalar va yoshlarning salmog‘i katta, 3 - 7 yoshdagi bolalar sonining o‘sish sur'atlari esa butun aholining o‘sishiga qaraganda yuqoriroqdir.

Demak yosh avlodning tarbiyasi va ta'limiga bo‘lgan e'tibor O‘zbekiston uchun «hayot yoki mamot» darajasida muhim ahamiyatga ega desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kun.Uz tahririyatiga Xorazm viloyati Hazorasp tumani Pitnak shaharchasida joylashgan 17-son maktabgacha ta'lim muassasasi (MTM yoki bolalar bog‘chasi) bo‘yicha murojaat tushdi. Unda bog‘cha binosi bir qismining tomi yopilmagani, natijada xonalar ta'mirtalab bo‘lib qolgani, bolalar maydonchasi bo‘yicha muammolar borligi, turli anjomlarning yetishmasligi kabi bir qancha kamchiliklar ko‘rsatilgan edi.

«Tabassum» nomli 17-son maktabgacha ta'lim muassasasi Hazorasp tumanidagi Pitnak shaharchasi markazida joylashgan. 1988 yilda qurib bitkazilgan va ishga tushirilgan.

Bog‘cha 2 qavatli va bir-biriga tutashgan 2ta binodan iborat. Birinchi binoning tomi yopilgan va umumiy holati qoniqarli darajada. Hozirgi paytda bu binoda 230 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Ikkinchi binoning tomi yopilmagan. Natijada, turli yog‘ingarchiliklar oqibatida tomdan chakka o‘tib, xonalarning devorlari ta'mirtalab bo‘lib qolgan. Yog‘och pollar esa chirib, yaroqsiz holga kelgan. Ayni paytda ikkinchi binoning quvvatidan to‘liq foydalanilmayapti.

17-son MTM rahbari Nodira Xodjabayevadan bu muammolar bo‘yicha izoh oldik.

«Maktabgacha ta'lim muassasamiz bir-biriga tutashgan 2ta binodan iborat. Ulardan birining tomi yopilmagan. Yog‘ingarchilik paytida tomdan chakka o‘tib, xonalar foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Natijada bu binoning quvvatidan to‘liq foydalana olmayapmiz. Bu binodagi sportzal va boshqa xonalar yopiq holda turibdi», - dedi Xodjabayeva.

Bog‘chaning atrofi devor yoki baland panjara bilan o‘ralmagan. Bu esa qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarmoqda.

«MTM atrofi devor bilan o‘ralmagan. Balandligi past bo‘lgan temir panjaralar esa bog‘cha mulkini muhofaza qilish uchun yetarli emas – atrofdagi uylarda yashovchi bolalar kechqurun kirib, arg‘imchoqlarda nazoratsiz o‘ynab, ularni yaroqsiz ahvolga keltirib qo‘yishmoqda. Bundan tashqari, bog‘cha hududiga maishiy chiqindilarni tashlab ketish holatlari ham yuz bermoqda», - dedi Xodjabayeva.

Bog‘cha ayvonchalarining tomi kuchli shamolda ko‘chib ketgan, yog‘och pollari esa chirigan. Bu yerda bolalarning o‘ynashi uchun nafaqat sharoit yo‘q, balki xavfli ham bo‘lib qolgan.

Ikkinchi binoda joylashgan sportzal ham ta'mirtalab bo‘lib qolgani tufayli yopiq holda turibdi. Unga sport anjomlari yetishmaydi. Mashg‘ulotlar bog‘cha maydonchasida yoki xonalarning o‘zida o‘tkazilmoqda.

Bolalar maydonchasidagi arg‘imchoqlar jismonan va ma'nan eskirib qolgan, yangilanishga, zamonaviylariga muhtoj.

Umuman olganda, 17-son MTM mebellar, o‘yinchoqlar, oshxona uskunalari va anjomlari, sport anjomlari bilan yetarli ta'minlanmagan.

Hazorasp tumani hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Do‘schonovdan 17-son MTM bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh oldik.

«Darhaqiqat, 17-son MTM binolaridan birining tomi yopilmagan. Natijada, binoning quvvatidan to‘liq foydalanilmayapti. Bu ta'lim muassasasini investitsiya dasturi asosida 2021 yilda to‘liq ta'mirlash, barcha zamonaviy jihozlar bilan ta'minlashni rejalashtirganmiz. Hozirgi vaqtda ichki imkoniyatlardan foydalanib, tomini yopib berishimiz mumkin. Ammo jihozlashni investitsiya dasturiga qoldirishga majburmiz, chunki juda katta moliyaviy mablag‘larni talab qiladi», - dedi Otabek Do‘schonov.

Yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan, barcha hududlarda 3-7 yoshdagi bolalar maktabgacha ta'lim tizimi bilan 80 foiz qamrab olinishi, 6-7 yoshdagi bolalar esa 2022 yilga qadar 100 foiz qamrab olinishi shart qilib qo‘yilgan. Shuning uchun ham ko‘plab yangi bog‘chalar qurilmoqda, eskilari «Obod qishloq», «Obod mahalla» va investitsiya dasturlari asosida qayta ta'mirlanmoqda.

Ayni paytda Pitnak shahridagi 17-son maktabgacha ta'lim muassasasiga farzandini joylab qo‘yish uchun 200dan ortiq oila Davlat xizmatlari markazi orqali navbat kutib turibdi. Agar bog‘cha binosining tomi yopilsa va xonalarda oddiy ta'mirlash ishlari bajarilsa, unda qo‘shimcha guruhlarni ochish imkoniyati paydo bo‘lar, navbat kutib turganlar ancha kamayar edi. Bunga juda katta mablag‘ talab qilinmasa kerak. Aks holda 2021 yilgacha bu navbat yanada uzayib, vaziyat chigallashib qolmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.  

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid