O‘zbekiston | 12:10 / 30.07.2019
17835
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim olganlik haqidagi xorijiy hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash birlashtirildi

Yangilangan tartib-taomil joriy etilmoqda, ilgari amalda bo‘lgan Nizom o‘z kuchini yo‘qotdi, deb yozadi Norma.
 
Yangi tartibga binoan, xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni rasman tan olish – bu uning egasiga O‘zbekistonda ta'lim olish va kasbiy faoliyat yuritish huquqini beruvchi malakasini tasdiqlash. Hozirgi vaqtda bu tan olish va nostrifikatsiyalashga (ekvivalentligini qayd etish) ajratishsiz yagona jarayondir.
 
Ariza berish taomili
 
O‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta'lim olganlik to‘g‘risidagi diplomlar, shuningdek kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali qabul qilinadi. Xizmat – pullik, yig‘im miqdori 3 EKIHni (1 sentyabrdan – 3 BHM) tashkil etadi. Tan olish taomilini Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi amalga oshiradi.
 
1 sentyabrdan boshlab DXM va YaIDXP orqali murojaat qilish umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun ham majburiy bo‘ladi. Viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi vakolatli organlar hisoblanadi. Xizmat ko‘rsatish – bepul.
 
O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish yuzasidan murojaat qilishlari mumkin.
 
Ariza berishda so‘rovnoma to‘ldirilib, unga ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi, shuningdek ularning davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi ilova qilinadi.
 
Tan olish taomili
 
DXM barcha zarur hujjatlarni olgandan keyin ularni o‘rganish uchun xalq ta'limi boshqarmalari va Inspeksiya qoshida tuziladigan komissiyalarga yuboradi.
 
Umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, shuningdek malaka oshirish ta'limi olganlik to‘g‘risidagi xorijiy hujjatlarni tan olish to‘g‘ridan-to‘g‘ri sinov o‘tkazmasdan, tegishli komissiya xulosasi asosida amalga oshiriladi. Tan olishning shunga o‘xshash soddalashtirilgan tartibi belgilangan ro‘yxat bo‘yicha ayrim boshqa hollarda ham qo‘llaniladi.
 
Qolgan hollarda ekspert komissiyasining ijobiy xulosasi olingandan keyin Inspeksiya talabgorlar uchun test sinovlarini tashkil etadi. Ular 50 ta savoldan iborat bo‘lib, ta'lim olingan ta'lim yo‘nalishlari fanlarini qamrab oladi. Testlarni yechish uchun har bir test savoli uchun 2 daqiqadan, jami 100 daqiqa vaqt beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan test savoli 2 ball bilan baholanadi.  54 balldan ortiq to‘plagan shaxslarning diplomlari tan olinadi.
 
Barcha taomillarning ijobiy yakunlaridan keyin quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi va beriladi:

• ma'lumotnoma - umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish to‘g‘risida;
• guvohnoma - o‘rta maxsus va kasb-hunar, shuningdek oliy ta'lim olganlik, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ta'limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish haqida.
 
Hujjat 26.07.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid