O‘zbekiston | 21:36 / 20.08.2019
9808
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochildi

19 avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasi poytaxtida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yillik bayrami hamda mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, XXR davlat kengashi a'zosi, tashqi ishlar vaziri Van I hamda Xitoyning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar doiralari, Pekinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya korpusi, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari hamda ushbu mamlakat jamoatchiligi vakillari hozir bo‘ldilar.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri A.Komilov tantanali marosimni ochar ekan, “Davlatning ichki rivojlanishidagi uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqqan holda,  O‘zbekiston Respublikasi ochiq, har tomonlama vazmin, tinchliksevar tashqi siyosat olib bormoqda. Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biridir”, dedi.

O‘z navbatida,  Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillikning 28 yillik bayrami bilan samimiy muborak etdi. U Xitoyning O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlari har tomonlama strategik sherik mamlakatlar sifatida yil sayin rivojlanib borayotganini tasdiqlaydigan yaqqol misollarga alohida to‘xtaldi. XXR tashqi siyosat mahkamasi rahbari mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi yangi binosining ochilishi xususida to‘xtalib, O‘zbekiston diplomatiya vakolatxonasi bundan keyin ham ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, har tomonlama hamkorlik munosabatlari rivojlanishida muhim ko‘prik vazifasini bajarishiga ishonch bildirdi.

Tadbirga tayyorgarlik jarayonida elchixona ushbu marosimni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida Farg‘ona viloyati hokimligi bilan yaqin hamkorlikda ish olib borgani o‘zining ijobiy natijasini berdi. Milliy san'atimiz va pazandachiligimiz, o‘zbek xalq amaliy san'ati namoyandalaridan iborat Farg‘ona viloyati vakillarining tantanali marosimdagi faol ishtiroki tadbir qatnashchilarining alohida diqqat markazida bo‘ldi.

Marosim mehmonlari farg‘onalik qo‘li gul hunarmandlar tomonidan yaratilgan atlas, adras singari milliy matolar, kulolchilik mahsulotlari, rang-barang san'at asarlari va esdalik buyumlaridan iborat o‘zbek xalq amaliy san'ati ko‘rgazmasi bilan tanishishdi. Ayniqsa, o‘z dastgohi bilan Farg‘onadan kelgan hunarmand Abdullo Mirzaahmedovning milliy uslubda qo‘lda adras to‘qish, kulol Bunyod Yunusovning sopol buyumlarga naqsh berish bo‘yicha o‘tkazgan mahorat darslari xitoylik mehmonlarning e'tiboriga sazovor bo‘ldi. Shuni alohida qayd etish joizki, O‘zbekiston diplomatiya vakolatxonasining uch qavatli mazkur yangi binosi farg‘onalik ustalar ishtirokida milliy bunyodkorlik an'analari va zamonaviy me'morchilik yutuqlari asosida bunyod etilgan. Ushbu imorat Pekin shahri markazidagi Chaoyang ishbilarmonlik mavzesida AQSh, Yaponiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Fransiya, Malayziya kabi davlatlarning elchixonalari bilan yonma-yon joylashgan.

Viloyat madaniyat boshqarmasi rahbari Bahodir Sultonov boshchiligidagi san'atkorlar tayyorlab kelgan o‘zbek xalq ashula va raqslaridan iborat maxsus madaniy dastur namoyishi esa tantanali marosimga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.  

Tantanali marosim ishtirokchilari mamlakatimiz xalqiga xos va mos bo‘lgan mehmondo‘stlikdan, ya'ni bayram dasturxoniga tortilgan milliy taomlardan ham bahramand bo‘ldilar.

Shuhrat Umirov,

“Dunyo” AA muxbiri

Pekin

 

Mavzuga oid