O‘zbekiston | 16:24 / 23.08.2019
16315
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror o‘rinbosari senatorlarni korrupsiyaga qarshi kurashda faolroq bo‘lishga chaqirdi

O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Senat yalpi majlisida senatorlarga murojaat qilib, ulardan o‘zlaridagi antikorrupsion kuch va imkoniyatlardan faolroq foydalanishni iltimos qildi.

«Bu yerda xalqimizning eng oldingi qatordagi vakillari – senatorlar o‘tirishibdi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda senatorlarning o‘rni bo‘lakcha, deb hisoblaymiz.

To‘g‘risini aytish kerak, sizlarning antikorrupsion kuch va imkoniyatlaringiz to‘g‘ri ishlab ketgani yo‘q. Oliy Majlis palatalarida maxsus qo‘mitalar tuzildi, lekin qo‘mita o‘zining yo‘liga. Har bir deputatning, har bir senatorning korrupsiyaga qarshi kurash masalalarida alohida o‘rni, o‘zining mas'uliyati, yuqori maqsadi bor.

Shu nuqtayi nazardan, muhtaram senatorlar, sizlarga ham murojaatimiz bor. To‘g‘ri qabul qilasiz, iltimosimiz bor. Mana shu jarayonda faol hamkorlik kerak, deb hisoblaymiz. Hal etuvchi kuchga aylanishingizni so‘raymiz», – degan Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Bosh prokuror o‘rinbosarining bu fikrini ma'qulladi.

«Bu – savolga javobdan ham ko‘proq prokuraturaning murojaatiga aylanib ketdi (kuladi). Fikrlaringiz juda ham to‘g‘ri. Birinchi navbatda – qonunga itoatkorlik, ikkinchidan – rahbarlar mas'uliyati. Qaysi tarmoq bo‘lishidan qat'i nazar, mahalliy hokimlikmi, tarmoqmi, jamoatchilik tashkilotimi. Uchinchidan, huquqiy madaniyat», – deya xulosa qildi u.

«Mana shunday muhitni yaratish – hammamizning bo‘ynimizda turgan vazifa», – deb qo‘shimcha qildi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid