Mamlakat bo‘ylab xizmat safarlari: normalar aniqlashtirildi
O‘zbekiston Respublikasi ichkarisidagi xizmat safarlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Xizmat safarlari bilan bog‘liq mavjud normalar to‘ldirildi va aniqlashtirildi:
birinchidan, xizmat safariga yuborilgan xodimlar (jo‘nab ketayotgan/qaytib kelayotgan) hisobga olinadigan maxsus jurnallar elektron shaklda yuritilishiga ruxsat etildi;
ikkinchidan, o‘rindoshlarni xizmat safariga yuborishda ikkita aniqlashtirish kiritildi:
• tashqi o‘rindosh (bir vaqtning o‘zida asosiy ish joyida va boshqa tashkilotda ishlaydigan) xizmat safariga yuborilganda, uni xizmat safariga yuborgan tashkilotdagi o‘rtacha ish haqi, ichki o‘rindosh (masalan, asosiy ish joyi bo‘yicha vaqtincha ishga kelmagan xodimning o‘rniga yoki bo‘sh lavozimda ishlayotgan) xizmat safariga yuborilganda esa asosiy va o‘rindoshlikdagi lavozimlar bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi;
• xodim xizmat safarida bo‘lgan vaqtida tarif stavkasi, lavozim maoshi oshirilsa, oshirilgan paytdan e'tiboran haqiqatda ishlangan ish kunlari uchun ish haqi qayta hisob-kitob qilinadi;
uchinchidan, yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, xizmat safari uchun yo‘l haqi yangi tartibda to‘lanadi:
• budjet tashkilotlari xodimlari uchun – har bir kilometr uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 0,08%i miqdorida;
• boshqa tashkilotlarda – jamoa bitimida (shartnomasida), mehnat shartnomasida belgilangan miqdorda, biroq har bir kilometr uchun BHMning 0,08%idan kam bo‘lmasligi kerak.
500 metr va undan ortiq bo‘lsa, u katta qiymat tomonga, kam bo‘lganda esa kam qiymat tomonga qarab yaxlitlanadi;
to‘rtinchidan, mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashaganligi uchun to‘lov haqiqiy xarajatlar bo‘yicha to‘liq to‘lanadi (ilgari 70%gacha edi). Budjet tashkilotlarida: bunday xarajatlarning 70%igacha miqdori budjet mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan to‘lanadi;
beshinchidan, turar joy xonasini ijaraga olganlikni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q bo‘lgan hollarda xarajatlar qoplanishi har bir sutka uchun EKIHning 2%i miqdoridan BHMning 20%i miqdorigacha, ya'ni 10 baravarga oshirildi;
oltinchidan, xodim xizmat safaridan qaytgach avans hisobotini taqdim etishi shart bo‘lgan muddat ish kuni hisobida – 3 ish kuni etib hisoblanadi.
Hujjat 13.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
09:11 / 03.08.2022
O‘zbekistonda xodimni xizmat safariga yuborishning yangi tartibi belgilandi
08:25 / 29.10.2021
Ashyoviy dalillarni rasmiylashtirish tartibi o‘zgardi
07:37 / 17.05.2021
Muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi o‘zgardi
10:40 / 11.03.2021