Jahon | 08:24 / 26.09.2019
43604
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Zelenskiy ilk bor uchrashdi

Foto: REUTERS

Ukraina va AQSh prezidenti Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp BMT Bosh assambleyasi 74-sessiyasi doirasida Nyu-Yorkda uchrashdi.

Ikki yetakchi tarjimonlarsiz suhbatlashgan.

AQSh prezidenti suhbat davomida Rossiya va Ukraina munosabatlaridagi progressni qayd qilib o‘tib, Zelenskiyga shu yo‘sinda davom ettirishni maslahat qilgan.  U, shuningdek, Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchrashib, Donbassdagi ixtilofni hal qila olishiga ishonch bildirgan. 

“Siz prezident lavozimida bo‘lgan qisqa vaqt ichida Rossiya bilan munosabatlarda sezilarli taraqqiyotga erishdingiz. Shu yo‘sinda davom ettiravering”, deb aytgan Tramp.

AQSh prezidentining fikricha, Putin Donbassdagi ixtilofni tartibga solishga intilmoqda.

“Men prezident Putin nimagadir erishishni istayotganiga chin dildan ishonaman. Siz va prezident Putin uchrashib, muammoingizni hal qilasiz deb, umid qilaman. Bu aqlbovar qilmas natija bo‘lardi”, deb aytgan Tramp.

O‘z navbatida Zelenskiy Yevropa Ittifoqi va AQShning birgalikdagi sa'y-harakatlarigina Donbassdagi vaziyatni tartibga solishda yordam bera olishini aytgan.

Aytish joizki, uchrashuv ancha ko‘tarinki ruhda o‘tgan. Ikki yetakchi bir-birlariga hazillar qilishgan.

“U meni men uni mashhurroq qilganimdan ko‘proq mashhur qildi”, deb aytgan Tramp uchrashuv boshida to‘planganlar kulgusi ostida. Tramp bunda Zelenskiy bilan telefon suhbatini nazarda tutgan.

AQSh prezidenti Zelenskiy yaxshi nomga egaligini aytgan va Ukrainada hammasi yaxshi bo‘lishiga umid bildirgan.

O‘z navbatida Ukraina prezidenti “Telefondan ko‘ra, televizor orqali bo‘lish ancha yaxshiroq ekanligini” aytgan va yana kulgu ko‘tarilgan.

So‘ngra Zelenskiy Trampni Ukrainaga taklif qilgan. “Men bilaman siz hech qachon Ukrainada bo‘lmagansiz. Sizdan oldingi prezident, inglizchada qanday aytsa bo‘ladi, kelishga vaqt topolmagan. Balki ajoyib mamlakatimizga kelishga va'da berarsiz?”, deb so‘ragan Ukraina rahbari hamkasbidan.

Tramp “harakat qilishini” va ko‘plab ukrainaliklarni tanishini hamda Ukraina katta salohiyatga egaligini qo‘shimcha qilgan. “Men bilaman. Chunki shu mamlakatdanman”, deb javob qilgan Zelenskiy kulgular ostida.

Zelenskiy, shuningdek, Trampni Vashingtonga safari sanasi bo‘yicha kelishib olishga hazilona tarzda chaqirgan.

“Vashingtonga taklif qilganingiz uchun tashakkur bildirmoqchiman. Siz meni taklif qildingiz-u, biroq uzr, sanasini aytishni unutdingiz”, deb aytgan Ukraina prezidenti. Uning shu gaplaridan keyin zalda yana kulgu ko‘tarilgan.

Mavzuga oid