O‘zbekiston | 18:20 / 15.10.2019
37486
7 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Boku sammiti kun tartibidagi masalalar bo‘yicha takliflarini bildirdi

Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida 15 oktabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.

Unda mazkur tashkilotga a'zo mamlakatlar rahbarlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. Kuzatuvchi mamlakat sifatida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Purli Agamurodov anjumanda qatnashdi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to‘la huquqli a'zo sifatida ishtirok etdi. O‘zbekiston ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qo‘shildi. 

«Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda asosiy maqsad, asosiy prinsip O‘zbekiston manfaati va yana bir bor O‘zbekiston manfaati ekanini doim ta'kidlaydi. Davlatimiz ana shu qat'iy tamoyillar asosida ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib bormoqda. Buning natijasida keyingi yillarda O‘zbekistonning do‘stlari, xayrixohlari ko‘paydi. Qo‘shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sog‘lom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ana shunday yangi platformalardan biridir. Bu tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Ozarboyjonning Naxichevan shahrida tuzilgan bo‘lib, dastlab unga Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a'zo edi. 

Keyingi yillarda mazkur davlatlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi.

Prezidentimiz 2018 yil 3 sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Joriy yil 5 oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya forumi o‘tkazildi. 

Aloqalar bunday faol rivojlanar ekan, buni huquqiy jihatdan mustahkamlash ham zarur edi. Joriy yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. 

Bu tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasida ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.

O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilishini barcha a'zo mamlakatlar mamnuniyat bilan qabul qildi. Rasmiy shaxslar, ekspertlar xalqimizning turkiylar tarixidagi o‘rni, bugungi salohiyati va ahamiyatini e'tirof etdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning tashkilotga a'zo bo‘lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta'kidladi. Yurtimiz zaminida umumiy tariximizning shonli sahifalari bitilgani, jahon ilm-fani va madaniyatiga unutilmas hissa qo‘shgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar, muqaddas dinimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari buyuk allomalar, turkiy dunyoni qalam bilan birlashtirgan Alisher Navoiy singari ulug‘ shoirlar nafaqat o‘zbek xalqi, balki barchaning faxr-u iftixori ekanini qayd etdi.

«Turkiy Kengashga a'zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda o‘rtamizda nafaqat madaniy-ma'naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o‘zaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qo‘shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko‘paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda», – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev sammit kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratishni ustuvor vazifa deb qayd etdi. Shu borada qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev Kengashga a'zo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortig‘i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta'sis qilish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Davlat rahbari yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, «Boku-Tbilisi-Kars» yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish zarurligini ta'kidladi. Sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham amaliy takliflar aytildi.

O‘zbekiston Prezidenti madaniy-gumanitar sohalar ahamiyatiga alohida to‘xtalib, Kengashga a'zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat «Turkiy adabiyot xazinasi» nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Ozarboyjon Respublikasiga o‘tishi munosabati bilan Ilhom Aliyevni qutlab, ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. 

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a'zo sifatida tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti sammitning muhim voqeasi bo‘ldi.

Mavzuga oid