Xalqimiz davlat qarzlari masalasida xavotirlanishiga asos yo‘q – Moliya vaziri o‘rinbosari
O‘zbekistonning davlat qarzi maksimum me'yorlardan ancha past darajada. Xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonning davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyatini yuqori baholagan. Shu boisdan bu masalada xavotirga o‘rin yo‘q, deb bayonot berdi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.
«Xalqimizga ham, kreditorlarga ham shuni aytmoqchimanki, bizda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchli. Xavotirga asos yo‘q», – dedi Isoqov jurnalistlar bilan suhbatda.
Seshanba kuni Moliya vazirligi va Markaziy bank vakillari bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbatida O‘zbekistonning tashqi qarzi bo‘yicha ma'lumot berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqovning ma'lum qilishicha, 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 20,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Bundan 13,1 mlrd dollari – davlat, 7,5 mlrd dollari – xususiy sektorning tashqi qarzi hisoblanadi.
«Xususiy sektorga neft, gaz, elektr energiyasi, telekom, banklar – xullas davlat to‘lamaydigan qarzlar, davlat sektori bo‘lmagan qarzlar kiritiladi», – deya aniqlik kiritdi Isoqov.
Uning alohida ta'kidlashicha, 13,1 mlrd dollarning deyarli hammasi – budjet defitsitini qoplash uchun emas, balki investitsion loyihalar uchun ishlatilgan qarzlardir.
«Hattoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilingan qarzdorlik ham budjet defitsiti uchun emas, balki ma'lum bir sohalardagi investitsion loyihalarga keyinchalik subsidiar qarz sifatida berilgan kreditlar hisoblanadi», – dedi Odilbek Isoqov.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonning tashqi davlat qarzi YaIMning 23,5 foiziga teng. Ayni paytda, Jahon Banki va Xalqaro Valuta Jamg‘armasi tavsiyasiga ko‘ra bu boradagi maksimum ko‘rsatkich 55 foizni tashkil etadi.
Ya'ni O‘zbekistonning tashqi davlat qarzi xalqaro moliya tashkilotlari tavsiya etgan eng yuqori nuqtadan ikki barobarga kam.
«Hozirgi qarz miqdori ko‘pmi-kammi, degan masalaga kelsak.
O‘rta muddatli davlat qarzini boshqarish strategiyasi ishlab chiqildi. Jahon Banki va Xalqaro Valuta Jamg‘armasi metodologiyasiga ko‘ra, davlat qarzi YaIMning necha foizigacha O‘zbekiston uchun xavfsiz, degan me'yorlarni ishlab chiqish borasida ishlar olib borildi.
Shu ikkita tashkilotning tasnifiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchli hisoblanadi. Ya'ni davlatning hozirgi tashqi qarzi YaIMning 23,5 foizini tashkil qiladi. Shu paytgacha konsolidatsiya qilingan budjetda profitsit bo‘lgan, defitsit bo‘lmagan. Hozirgi kutilayotgan defitsit ham YaIMga nisbatan olganda kam hisoblanadi», – dedi Moliya vaziri o‘rinbosari.
Odilbek Isoqov O‘zbekistonning 27 mlrd dollarga teng oltin-valuta zaxiralari borligi, mamlakatda iqtisodiyot barqaror o‘sishda davom etayotgani, bundan keyingi o‘sish prognozlari ham xalqaro tashkilotlar tomonidan 5-7 foiz atrofida deb prognoz qilinayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
«Shu omillarning hammasini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchli deb baholangan. Bu degani respublikaning qarzlarini o‘z vaqtida to‘liq to‘lash qobiliyati yuqori», – deb qayd etdi u.
Moliya vazirligi rasmiysi taqqoslash uchun Argentinani misol sifatida keltirdi.
«Ayrim mamlakatlar bor. Masalan, Argentina. Uning davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchsiz deb baholanadi, chunki davlat qarzi o‘ta yuqori. Imkoniyatlari past. Budjet defitsiti juda ham yuqori. Qarz va boshqa ko‘rsatkichlarga nisbatan oltin-valuta zaxiralari past», – deydi Odilbek Isoqov.
JB va XVJ tavsiya etgan me'yorlarga to‘xtalar ekan, vazir o‘rinbosari O‘zbekiston tashqi qarzlarini maksimum nuqtaga yetkazish rejasi yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
«2019 yilning 1-yarim yilligida jami davlat tashqi qarzi – 23,5 foiz. Tavsiyaga ko‘ra – maksimum 55 foiz. 55 foizdan oshirmasligimiz kerak.
Jami davlat qarzi 1-yarim yillikda – 33,2 foiz. Tavsiyaga ko‘ra – 70 foiz. Ya'ni bizda qarz olish uchun imkoniyatlar mavjud. Lekin hukumatda [qarz olishni] 55 foizga yoki 70 foizga yetkazamiz, degan rejalar yo‘q» – dedi Isoqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘rta muddatli qarzni boshqarish strategiyasi ishlab chiqilgan va unda davlat tashqi qarzining me'yorlari belgilangan.
«2020 yil budjeti uchun me'yorni qo‘yyapmiz. Qonun bo‘yicha bundan ko‘p [qarz] olish mumkin emas. Bu – respublikaning tarixida birinchi marta bo‘lyapti. Qonun parlament tomonidan tasdiqlanganidan keyin me'yor yilning oxirigacha e'lon qilinadi», – deb ma'lum qildi Odilbek Isoqov.
Bildirilishicha, mazkur me'yorni ishlab chiqishda 2030 yilgacha bo‘lgan iqtisodiy o‘sish prognozi, investitsion talab, respublika iqtisodiyotining ayrim tashqi va ichki risklarga chidamliligi, so‘mning devalvatsiyasi, O‘zbekistonning eng katta savdo hamkorlari – Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Turkiyadagi iqtisodiy o‘sish va valuta tebranishlari, ularning eksport va respublika iqtisodiyotiga ta'siri o‘rganib chiqilgan.
Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfsiz me'yorlar belgilab olingan va me'yorlardan ancha past miqdorda qancha qarz olish mumkinligi hisoblab chiqilgan. Bu ko‘rsatkich budjet to‘g‘risidagi qonunga kiritiladi.
Mavzuga oid:
O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi MDHning ko‘p davlatlariga nisbatan kam – Odilbek Isoqov
O‘zbekiston qaysi sohalarni rivojlantirish uchun chetdan eng ko‘p qarz olgani ma'lum bo‘ldi
Mavzuga oid
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:21 / 29.10.2024
2025 yilda O‘zbekiston 5,5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishi mumkin
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
15:54 / 16.10.2024