Jahon | 23:43 / 12.11.2019
50385
1 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng kuchli avtomobil taqdim etildi

Yaponiyaning Aspark injiring kompaniyasi o‘zining Owl deb nomlangan elektr giperkarining yakuniy versiyasini taqdim qildi. Mashina umumiy quvvati 2040 ot kuchini tashkil qiluvchi 4 ta elektromotor bilan jihozlangan.

Mashina ishlab chiqaruvchilari uni dunyodagi eng kuchli seriyali avtomobil deb e'tirof etishmoqda.

Kompaniya muhandislari mashinani yaratish ustida 7 yilga yaqin ish olib borishgan. Og‘irligi 1460 kgni tashkil qiluvchi avtomobil asosida kompozit materiallardan ishlangan kuzov panellari va quvursimon karkas yotadi. 

Aspark Owl giperkari 100 km/soat tezlikka 1,9 soniyada erisha oladi. Taqqoslash uchun, Bugatti Chiron joyidan 100 km/soat tezlikka 2,5 soniyada erishadi. Owl’ning maksimal tezligi 400 km/soatga yaqinni tashkil qiladi. 

Giperkar buyurtma asosida ishlab chiqarilib, narxi 2,9 mln yevroni tashkil qiladi. Modelni yig‘ish bilan Turindagi Manifattura Automobili Torino italyan kompaniyasi shug‘ullanadi. Avtomobillar 2020 yil boshidan buyurtmachilarga yetkazila boshlanadi. Hammasi bo‘lib giperkardan 50 dona ishlab chiqariladi, ulardan 15 tasi  oldindan sotib bo‘lingan.

Mavzuga oid