O‘zbekiston | 14:10 / 22.11.2019
144955
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zgidromet» qish fasli boshida qanday ob-havo kutilayotganini prognoz qildi

Foto: KUN.UZ

Kuz fasli poyoniga yetib qoldi. Kechagi kungacha o‘tgan kuz davrini noodatiy quruq davr, deya ta'riflasa bo‘ladi. Deyarli butun kuz — sentabr, oktabr va noyabr oyining katta qismida O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli, quruq va shamolsiz ob-havo kuzatildi. Faqat ayrim kunlarda ba'zi joylarga yomg‘ir yog‘di. Ular asosan kuchsiz va qisqa muddatli bo‘ldi.

«O‘zgidromet»ning yozishicha, bu yildagi kabi quruq kuz juda kam kuzatiladi. Oxirgi 20 yil ichida 2002 va 2007 yillarning kuz fasllari ham quruq bo‘lgan, 2013 yil kuz esa bu yilga o‘xshash bo‘lgan. Harorat ko‘rsatkichlari bo‘yicha bu yilgi sentabr, oktabr oylari asosan iliqroq, ayrim joylarda me'yordan iliqroq, noyabr oyida esa odatdagidan sovuq bo‘ldi.

Kechadan boshlab havo keskin o‘zgardi. Respublika hududining katta qismida, shimoliy tumanlardan tashqari, yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylandi. Tog‘li hududlarda bu yilgi mavsumdagi birinchi qor qoplami hosil bo‘ldi. Havo harorati kechasi 0-3 daraja sovuq, kunduzi 0-3 daraja iliqqacha pasaydi. Mamlakat shimoli — Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida tungi harorat 12-15 daraja sovuqqacha, kunduzi 2-7 daraja sovuqqacha tushib ketdi.

Dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘ylab bulutli ob-havo saqlanib turadi. Shimoliy hududlardan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik, ko‘proq qor yog‘ishi kutilmoqda. Harorat sezilarli o‘zgarmaydi.

Dushanba kunidan boshlab yog‘ingarchiliklar to‘xtaydi. Lekin haftaning oxirigacha sovuq havo saqlanib turadi. Kechasi va ertalabki soatlarda 3-8 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

«O‘zgidromet»ning jahondagi yetakchi ob-havo markazlari ma'lumotlariga tayanib berayotgan baholariga ko‘ra, dekabr o‘rtacha nam va harorat bo‘yicha me'yorlarga yaqin bo‘ladi. Oy davomida harorat kechasi 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduzi 10-15 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.

Yanvar va fevral to‘g‘risida gapirishga hali erta. Faqat O‘rta Osiyo qishlarining iqlimiy xususiyatlari to‘g‘risida gapirish mumkin, deyiladi ma'lumotda.

Odatda O‘zbekistonda qishlar qisqa va kam qorli. Bu yerda qish faslining o‘ziga xos xususiyati — haroratining keskin o‘zgarib turishida. Bunda issiq havo to‘lqinlari sovuq havo bilan almashib turadi. Harorat sovuq bo‘lganda yoqqan qor havo ilishi bilan erib ketgani sababli, barqaror qor qoplami hosil bo‘lmaydi. Deyarli har yili sovuq qishlardan tashqari harorat tushib ketadigan qisqa muddatlar kuzatiladi. Kechasi sovuq 10-13 daraja, ba'zan undan ham past bo‘lishi mumkin. Harorat 15-18 darajaga ko‘tariladigan davrlar ham bo‘ladi. Oxirgi kuzatuvlar davomida eng sovuq davrli qish 2007-2008 yilga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin. O‘shanda sovuq dekabrning oxiridan fevralning o‘rtasigacha davom etgan.

Mavzuga oid