O‘zbekiston | 12:42 / 20.12.2019
114620
8 daqiqa o‘qiladi

Yunusobod fojiasi: yakun

18 dekabr kuni taxminan soat 10:00da Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berdi.

Hodisa yuzasidan dastlab Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Kun.uz saytiga izoh berdi. U ko‘chkiga davomiy yomg‘ir sabab bo‘lgani, yomg‘ir suvlari kotlovan oldida suv haydash uchun qurilgan lotok va beton to‘siq orasidagi tuproqni yumshatib yuborgani va yer o‘pirilib tunnelni bosib qolgani haqida aytdi.

Ko‘p o‘tmay Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ham hodisa yuzasidan ma'lumot berdi. Avariya oqibatida 250 metr kub tuproq o‘pirilib tushgandi.

Voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbiri avariya oqibatida kamida 5-6 kishi tuproq ostida qolib ketgani va ularning taqdiri noma'lumligicha qolayotgani haqida ma'lumot oldi. Hudud o‘rab olingan, atrofdagi yo‘llarda harakat to‘sib qo‘yilgan, OAV vakillari voqea joyiga qo‘yilmayotgan edi.

Atrofdagi mahallalarda yashovchilar voqea ro‘y bergan vaqtda portlashni eslatuvchi gumburlagan ovoz eshitilganini aytishdi.

«Soat 10ga yaqin edi. Qattiq ovoz eshitildi. Odamlar to‘plandi. Dastlab odamlar ustiga devor qulab tushganini aytishdi. Nima bo‘lganini aniq ko‘rmadik. Lekin judayam qo‘rqinchli ish bo‘ldi. Portlash bo‘ldi deb o‘yladik. Judayam qattiq ovoz eshitilgandi. Tez orada yo‘llarni yopib tashlashdi. Davlatning barcha xizmatlari yetib kelishdi», deydi shu hududda yashovchi ayol.

Shu kunlarda davlat tashrifi bilan Yaponiyada bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiyaga bosh vazir o‘rinbosari, transport vaziri Ochilboy Ramatov rais etib tayinlandi.

Komissiyaga sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklandi.

6 nafar qurbon

Kun davomida OAVda hodisa talafotlari to‘g‘risida turli xabarlar tarqalib turdi, ayrim xabarlarda kamida 5 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilinsa, ayrim manbalar tuproq ostida 20 nafargacha ishchi qolib ketgani haqida ham aytdi.

18 dekabr kuni yarim tungacha davom etgan qidiruv ishlari davomida 5 ishchining jasadi tuproq ostidan chiqarib olindi, 19 dekabr kunining birinchi yarmida yana bir jasad olib chiqildi va hodisa qurbonlarining soni 6 nafarni tashkil etdi.

Qurbonlarning to‘rt nafari Qashqadaryo viloyatidan - ularning uch nafari Shahrisabz tumanidagi Beshkapa qishlog‘idan, (1989 yilda tug‘ilgan Oybek Abdullayev va 1999 yilda tug‘ilgan Davronbek Abdullayev amakivachchalar bo‘lishgan, shu qishloqdan bo‘lgan Jonibek Ravshanov 1989 yilda tug‘ilgandi), 1986 yilda tug‘ilgan Anvar Diyorov Yakkabog‘ tumanidan edi, ikki nafari esa Samarqand viloyatidan - 1981 yilda tug‘ilgan Zarif Karimov Past Darg‘om tumanidan, 1996 yilda tug‘ilgan Ixtiyor Raxmatov Oqdaryo tumani Farmonobod qishlog‘idan edi.

Kompensatsiya

Qurilish ishlariga mas'ul bo‘lgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirib, bu oilalarga 100 million so‘mdan tovon puli ajratilib, to‘lab berilganini ma'lum qildi.

19 dekabr kunining ikkinchi yarmida qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi, hukumat komissiyasiga ko‘ra qurbonlarning oilalariga dastlabki kompensatsiyadan tashqari, qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensatsiya mablag‘lari to‘lanadi.

Dafn marosimlari 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» tomonidan ma'lum qilinishicha, marhumlarning dafn va motam marosimlarini o‘tkazishda ularning oila a'zolariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish haqida topshiriq berilgan. Bundan tashqari, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimliklari va jamoatchilik vakillari marhumlarning oilasidan xabar olib, zarur yordam ko‘rsatmoqda.

Jamoatchilik reaksiyasi

Bu voqea butun jamoatchilikni qattiq larzaga soldi. Bu kunlar davomida ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va blogerlarning sahifalarida motamsaro kayfiyat hukm surdi. Marhumlarga bag‘ishlab marsiyalar yozildi, barcha bir ovozdan aybdorlar jazolanishini talab qilmoqda. Yunusoboddagi fojia joyida odamlar gullar qoldirmoqda, metroning o‘sha qurilayotgan bekatiga «Quruvchilar» nomini berish taklif qilinmoqda. 

O‘zLiDeP partiyasi vakili, deputatlikka nomzod Nuriddin Murodov mutasaddilar xalqdan uzr so‘rashi kerakligini aytdi. «Metroda sodir bo‘lgan voqeani nazorat qilish uchun tashkil etilgan komissiya tarkibida deputatlar ham bo‘lishi kerak. Voqea-hodisani o‘rganish o‘z yo‘liga, undan oldin holat yuzasidan mutasaddilar xalqdan uzr so‘rasin... Xalqimiz yirik qurilish obektlarini qurib bitkazishni bayramlarga to‘g‘irlashga mutlaqo norozi. Bizning partiya ham bu amaliyotga qarshi», dedi u.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Nodirjon Muxtorovning so‘zlariga ko‘ra, ish sharoitidagi xavfsizlikka yetarli e'tibor qaratilmayapti. «Biz xorijdagi vatandoshlarimizning mehnat muhofazasini ta'minlaymiz deb, o‘zimizda ishlayotgan vatandoshlarimiz ish sharoitidagi xavfsizlikka e'tiborli bo‘lmayapmiz. Yirik qurilish obektlarini bayramlarda ochish - bizning urf-odatimiz. Ammo ochilishni obekt tayyor bo‘lsagina amalga oshirish kerak», - deydi u.

«Adolat» partiyasi blogerlar tomonidan taklif etilayotgan metro bekatiga qurbonlar xotirasini abadiylashtirishni ifodalovchi nom berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi. O‘zXDP ham voqea aybdorlarini jazolash shartligini uqtirdi.

Jinoyat ishi

Ushbu hodisa yuzasidan Toshkent shahri prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi va 258-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat kodeksining 257-moddasiga muvofiq, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas'ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilsa va odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, aybdor muayyan huquqdan mahrum qilinib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

258-modda esa tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni nazarda tutadi.

Mavzuga oid