O‘zbekiston | 11:32 / 21.12.2019
61690
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonni diniy erkinlikni buzayotgan davlatlar ro‘yxatida qoldirdi

Foto: REUTERS/Joshua Robers

AQSh Davlat departamentining xabar berishicha, O‘zbekiston diniy erkinlik buzilishi tufayli xavotirga sabab bo‘layotgan davlatlar ro‘yxatida qoldirildi.

Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, diniy erkinlikni himoya qilish Tramp ma'muriyati tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Din yoki e'tiqod bo‘yicha ta'qib hamda kamsitish dunyoning barcha mintaqalarida mavjud ekani aytiladi. 

«Amerika Qo‘shma Shtatlari diniy erkinlikni targ‘ib qilish va bu boradagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish ustida ishlashni davom ettirmoqda. Ushbu so‘nggi belgilar ushbu muhim ishning davomi», - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

2019 yil 18 dekabr kuni Davlat departamenti Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmanistonni 1998 yilgi «Diniy erkinlik to‘g‘risida»gi qonunga binoan, «diniy erkinlik buzilishi doimiy ravishda davom etayotgan va bu borada juda jiddiy holatlar uchrayotgan» vaziyatlarda qatnashganlik yoki unga yo‘l berganlik uchun alohida tashvish tug‘dirayotgan davlatlar sifatida qoldirdi.

Davlat departamenti Komor orollari, Rossiya va O‘zbekistonni «diniy qonunbuzarliklarning jiddiy holatlari»ni sodir etgan yoki sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan hukumatlar uchun Maxsus nazorat ro‘yxatiga (Special Watch List) kiritdi. 

Bundan tashqari, ushbu ro‘yxatga Kuba, Nikaragua, Nigeriya va Sudan qo‘shildi. Sudan SWL’ga o‘tish davri hukumati tomonidan «diniy erkinliklarning muntazam, doimiy va qo‘pol ravishda buzilishi»ni bartaraf etish bo‘yicha qo‘yilgan muhim qadamlar tufayli o‘tkazildi. 

Shuningdek, «Al-Qoida», «Al-Shabob», «Boko Haram», husiylar, IShID, «IShID-Xuroson» va «Tolibon» alohida tashvishga solayotgan tashkilotlar sifatida ko‘rsatildi.

«Ushbu qarorlar Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘z diniy yoki e'tiqod erkinligidan foydalanmoqchi bo‘lganlar kishilarni himoya qilish majburiyatini ta'kidlaydi. Bizning fikrcha, har bir inson har doim va hamma joyda o‘z e'tiqodiga muvofiq yashash huquqiga ega bo‘lishi lozim. Biz ushbu asosiy huquqlarni buzishga harakat qilayotgan davlat va nodavlat tashkilotlarga chaqiriq tashlashda davom etamiz, ular o‘z harakatlari uchun javobgarlikka tortilishlarini ta'minlashga harakat qilamiz», - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

AQSh O‘zbekistonni diniy erkinliklar masalasida maxsus kuzatuv ro‘yxatiga kiritdi

Mavzuga oid