O‘zbekiston | 18:59 / 21.12.2019
12027
3 daqiqa o‘qiladi

So‘z erkinligining ham cheklovi bormi? Xalqaro ekspertdan izoh

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 21 dekabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Kolumbiya universiteti Xalqaro va jamoatchilik munosabatlari maktabi professori Uilyam Bryuster Eimke o‘zbek jurnalistlari bilan uchrashdi.

Saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun kelgan Uilyam Bryuster Eimke OAVning jamiyatdagi o‘rni va so‘z erkinligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Bugun jurnalistika butun dunyoda, asosan, reklama hisobidan moliyalashtirilmoqda. Bunda bitta axborotning qancha o‘qilgani, e'tiborga tushgani va boshqa shu kabi jihatlar OAV uchun muhim.

Biroq, ayni paytda hatto AQSh jurnalistikasi yuz tutayotgan eng katta qiyinchilik bu - nima OAVga pul keltirishi mumkinligi va nimani xalqqa yetkazish kerakligi borasidagi farqda. Bu ikki narsa bir-biridan farq qiladi», - deya ta'kidladi Uilyam Bryuster Eimke.

Uilyam Bryuster Eimkega ko‘ra, jurnalistika moliyaviy tomonni ustun qo‘ygani uchun xalqqa kerakli axborotdan voz kechmasligi kerak. Agar jamoatchilik noto‘g‘ri va to‘liq bo‘lmagan axborotni qabul qilishga majbur bo‘lmasa, OAVning hurmati oshib boraveradi. 

«Odamlar xohlagan narsasi haqida gapira oladi. Bu – so‘z erkinligi. Masalan, kimdir sizga qariyasan, desa yoki demasa ham, u aybdor bo‘lib qolmaydi. Bu ham so‘z erkinligining qaysidir bir tarafi deb o‘ylashimiz mumkin.

Lekin so‘z erkinligining ham o‘ziga xos cheklovlari bo‘lishi kerak. Aytaylik, «Qayergadir olov ketyapti», deb xabar berilsa-yu, biroq hech qanaqa olov bo‘lmasa, bu xabarni tarqatgan odam so‘z erkinligidan foydalangan bo‘ladimi?

Xalqni aldash orqali so‘z erkinligidan foydalanish degan narsa bu tushunchani oqlamaydi. Ya'ni so‘z erkinligi haqiqatga asoslangan bo‘lishi kerak. 

Masalan, men odamlarga tadbirkorman deb o‘zimni tanishtirishim mumkin. Axir menda so‘z erkinligi bor. Xohlagan narsamni aytishim mumkin-ku. Biroq, yo‘q. So‘z erkinligining o‘z prinsiplari mavjudligi va biz uni hurmat qilishimiz kerakligini unutmasligimiz zarur», - deya qayd etdi professor.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat tashkilotlari ma'lumotlarni to‘g‘ri yetkazishiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Mas'ul tashkilot YaIM darajasini qancha qilib ko‘rsatsa, boshqalar ham shunday qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun har taraflama shaffoflikka asoslangan axborot berish va uzatish tizimi yaratilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mavzuga oid