O‘zbekiston | 20:29 / 14.01.2020
117964
2 daqiqa o‘qiladi

Dizayner Narimon Grigoryan Toshkentdagi uyida o‘ldirib ketildi

Taniqli dizayner Narimon Grigoryan bugun, 14 yanvar kuni Toshkentda o‘ldirib ketildi. Bu haqdagi xabarlarni Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlig‘i Xayot Shamsutdinov Kun.uz'ga tasdiqladi.

Ma'lum bo‘lishicha, marhumning jasadi u ijarada istiqomat qilib kelgan Yashnobod tumani, Chigil ko‘chasidagi xonadonning mehmonxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Tegishli xabar Yashnobod tuman IIO FBM navbatchilik qismiga soat 11:50lar atrofida kelib tushgan. Tuman prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

«Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga olinib, malakali tergovchilaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi», – deyiladi Bosh prokuratura ma'lumotida.

Narimon Grigoryan – O‘zbekistonning taniqli modeler va kiyim dizaynerlaridan biri, Nariman Grigoryan brendi asoschisi. U 2018 yilda Vogue China jurnali tomonidan «Yil kashfiyoti» nominatsiyasida eng yaxshi dizayner deb topilgan.

Mavzuga oid