Jamiyat | 20:30 / 26.02.2020
7637
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar 700 mingdan oshdi - SSV

Va bu ko‘rsatkich sezilarli tarzda oshib bormoqda, deb ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inoqov.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

26 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi va Xalq demokratik partiyasining quyi palatadagi qo‘shma yig‘ilishida Alisher Inoqovning «O‘zbekiston Respublikasida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmat ahvoli va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida»gi hisoboti tinglandi.

Hisobotda aytilishicha, jahonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning soni qariyb bir milliardga yetgan.

«O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 700 mingdan ortdi va u sezilarli tarzda o‘sish tendensiyasiga ega», – deya Inoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

O‘zbekistonda sog‘lig‘ini yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga qarab, nogironlikning uch guruhi belgilangan. Agentlik direktori o‘z hisobotida nogironligi bor shaxslarning guruhlar kesimidagi statistikasiga to‘xtalmadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda pensionerlar soni 3,2 million nafardan ziyodni tashkil etmoqda.

Alisher Inoqov jahon aholisi o‘rtacha yoshi tobora oshib borayotganiga oid statistik raqamlarni keltirib o‘tdi.

«Prognoz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilga kelib, 60 yosh va undan yuqori bo‘lgan insonlarning soni 1 mlrd. 100 mln. nafarga yetadi.

Rivojlangan davlatlar (AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya va b.) aholisining tarkibida 60 yosh va undan yuqori bo‘lgan insonlarning ulushi 25-30 foizni tashkil qilib, bu ko‘rsatkich sezilarli tarzda o‘sish tendensiyasiga ega.

O‘zbekiston Respublikasida bu ko‘rsatkich oxirgi 10 yil davomida deyarli 2 martaga o‘sdi va respublika aholisining tarkibida 60 yosh va undan yuqori bo‘lgan insonlarning ulushi 10 foizga yetdi», – dedi SSV huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inoqov.

Mavzuga oid