O‘zbekiston | 16:47 / 19.03.2020
32258
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: Oltinsoyda mansabdor shaxslar o‘z vazifalariga loqaydlik bilan qaragan

Bosh prokuratura Oltinsoy tumanida mansabdor shaxslar o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida sug‘oriladigan yer maydonlari talon-toroj qilingani, davlatga 436,9 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilganini qayd etdi. Oltinsoy tuman prokuraturasi holat yuzasidan jinoiy ish ochgan.

Bosh prokuratura Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida mahalliy aholi va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalarini ma'lum qildi.

«Aniqlanishicha, tumandagi fermer xo‘jaliklariga tegishli 6,4 gektar sug‘oriladigan yer maydoni talon-toroj qilinib, shundan 1,4 gektari fermer xo‘jaliklariga qaytarilgan bo‘lsa, 5 gektarni qaytarish uchun ta'sirchan choralar ko‘rilmagani sababli bu ekin maydonlari fuqarolar tomonidan uzoq muddatdan beri egallab olinib, turli maqsadlarda foydalanib kelingan. Oqibatida 436,9 mln so‘m miqdorida davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan.

Xususan, Oltinsoy tumani «Xalqobod» mahallasi hududida joylashgan «Oq oltin manzarasi» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan sug‘oriladigan paxta va g‘allaga mo‘ljallangan yer maydonidan shu mahallada yashovchi fuqarolar B.Muxammadiyev, D.Muxammadiyev, F.Nurov, S.Muxammadiyev, M.Sattarova va A.Safarov tomonidan jami 0.39 gektari noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy qurilgan.

Mazkur yer maydonlarini qaytarish maqsadida joriy yilning 14 fevral kuni soat 15:00larda ishchi guruhi a'zolari «Xalqobod» mahallasiga borganida yuqoridagi fuqarolar va ularning yaqinlari qo‘llarida bo‘lgan tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan ishchi guruh oldiga chiqib, hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlari tomonidan tushuntirilishiga qaramasdan, fuqarolar ularga qarshilik ko‘rsatgan. Oqibatda IIBning 3 nafar xodimi yengil tan jarohati olgan.

Mazkur holatlarda mansabdor shaxslar o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida sug‘oriladigan yer maydonlari talon-toroj qilingan hamda Oltinsoy tuman IIB xodimilariga tan jarohati yetkazilgan.

Shunga ko‘ra, mansabga sovuqqonlik bilan qarash va qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatlari alomatlari mavjudligi hamda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazish lozimligi inobatga olinib, holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi va 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura rasmiy bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani tasvirlangan video tarqalgandi. Keyinroq bu hodisa Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining «Xalqobod» mahallasi hududida ro‘y bergani, uyi buzilishga tushgan aholi hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatgani ma'lum bo‘ldi.

Mavzuga oid