Jahon | 01:05 / 15.06.2020
5374
2 daqiqa o‘qiladi

Misr iyuldan xalqaro aviaaloqani tiklamoqda

Foto: AP

Misr koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan xalqaro aviaaloqani 1 iyuldan sekin-asta tiklay boshlaydi. Bu haqda Misr fuqarolik aviatsiyasi vaziri Muhammad Manar xabar qildi.

“1 iyuldan respublikaning barcha aeroportlari ishlay boshlaydi. Bir qator davlatlar bilan aviaaloqa sekin-asta tiklanadi”, deb ma'lum qilgan vazir Qohirada o‘tgan matbuot anjumanda. 

O‘z navbatida Misr turizm vaziri Xolid al-Ananiyning ma'lum qilishicha, Misr 31 oktyabrgacha mahalliy kurortlarga keluvchi barcha sayyohlarga vizalarni bekor qiladi. Biroq xorijlik sayyohlarga faqatgina uchta kurort hudud ochiq bo‘ladi: Xurgada joylashgan Qizil dengiz, Sharm-ash-Shayh va Dahab kurort shaharlari joylashgan Janubiy Sinay hamda O‘rta yer dengizida joylashgan Matruh viloyatlari.

Avvalroq Misr hukumati koronavirus bilan bog‘liq kiritilgan bir qator cheklovlarni iyun oxirigacha uzaytirgandi. Jumladan, plyajlar va bog‘lar yopiq qoladi. Komendantlik soati 14 iyundan 1 soatga qisqartirilib, soat 20dan 4gacha amal qiladi. Davlat ishxonalarida cheklangan sonda ishchilar ishlashi davom etadi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi sutkada koronavirusga chalingan 1677 kishi qayd qilinib, umumiy bemorlar soni 42 mingdan oshib ketgan. Ulardan 1484 nafari vafot etgan.

Mavzuga oid