Jahon | 08:03 / 18.06.2020
5252
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashiga yangi vaqtinchalik a'zolar saylandi

BMT Bosh assambleyasi Hindiston, Meksika, Irlandiya va Norvegiyani 2021-2022 yillar uchun Xavfsizlik kengashining yangi vaqtinchalik a'zolari etib sayladi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Hindiston 184 ovoz, Meksika 187 ovoz, Irlandiya 130 ovoz va Norvegiya 128 ovoz olgan.

18 iyunda Xavfsizlik kengashidagi yanga bir vaqtinchalik a'zo o‘rni uchun Afrikaning ikki davlati – Keniya va Jibuti kurashadi: 17 iyundagi ovoz berishda ular saylanish uchun zarur bo‘lgan ovoz (kamida 128 ta ovoz) yig‘a olmagan. 

Ovoz berish an'anaviy ravishda yashirin ko‘rinishda o‘tadi. Mamlakat g‘alabani ta'minlashi uchun BMT Bosh assambleyasi delegatlarining kamida uchdan ikki qismi ovozini olishi lozim.

Xavfsizlik kengashi 15 a'zodan iborat, ulardan 5 tasi taqiqlov qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan doimiy a'zolar hisoblanadi, bular: Rossiya, Britaniya, AQSh, Fransiya va Xitoy. Qolgan 10 ta davlat vaqtinchalik a'zolar hisoblanib, ular 5 ta davlatdan guruh bo‘lib har 2 yilda saylanadi.

Xavfsizlik kengashining vaqtinchalik a'zolari bir tekis mintaqaviy vakolat tamoyili bo‘yicha saylanadi. Bu dunyoning har bir mintaqasiga Xavfsizlik kengashida turli sondagi o‘rin to‘g‘ri kelishini anglatadi.

Joriy yilda Afrikadan bir o‘rin uchun Keniya va Jibuti kurash olib bormoqda, Lotin Amerikasidan bitta o‘rin uchun Meksika, Osiyo-Tinch-Okeani mintaqasidan bitta o‘rin uchun Hindiston da'vogarlik qilgan. G‘arb davlatlaridan ikkita o‘rin uchun Kanada, Irlandiya va Norvegiya da'vogarlik qilgan, biroq Kanada 108 ovoz olgani sababli saylanmagan.

Yangi saylangan davlatlar 2021 yilda Xavfsizlik kengashida Belgiya, Germaniya, Dominikan Respublikasi, Indoneziya va Janubiy Afrika Respublikasi o‘rnini egallaydi. Boshqa vaqtinchalik a'zolardan kengash tarkibida ikkinchi yil ishlashga Vetnam, Niger, Sent-Vinsent va Grenadina, Tunis va Estoniya qoladi.

Bundan tashqari, ovoz berish davomida Bosh assambleyaning 75-sessiyasi raisi saylangan. Bu lavozimni turkiyalik diplomat Vo‘lkan Bo‘zkir egallagan. U joriy lavozim uchun yagona nomzod bo‘lgan. Biroq uning nomzodini Armaniston, Kipr va Gretsiya e'tirozi sababli konsensus bilan tasdiqlashning iloji bo‘lmagan va shu sababli natijada ovoz berish o‘tkazilgan. Ovoz berishda Bo‘zkir 192 ta ovozdan 178 ta ovoz olgan.

Mavzuga oid