Jamiyat | 20:10 / 02.07.2020
11510
6 daqiqa o‘qiladi

«Samarqandcha tajriba». Shaharning qator ko‘chalari uch kundan buyon suvsiz

Samarqand shahrida shu kunlarda shunday «tajriba» olib borildiki, bunda suvdan foydalanuvchilar «tajriba quyoni» rolida bo‘lishdi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Voqeaning boshlanishi
«Samarqand suv ta'minoti» korxonasi feysbukdagi sahifasida kuz-qish mavsumiga tayyorlanish munosabati bilan 29 iyun kuni soat 23:00dan 30 iyun soat 23:00gacha Samarqand shahrining Temiryo‘l vokzali atrofidagi hududlarda, qisman Bog‘ishamol, Beruniy ko‘chasida, A, V mikrorayonlarida, sobiq Gagarin ko‘chasi, Qorasuv massividagi «Obod maskan» mahallasida, shuningdek, shaharga tutash hududlarda suv vaqtinchalik o‘chirilishi haqida xabar bergan edi. Bu xabardan so‘ng samarqandliklar bir sutkaga yetadigan suv jamg‘arishdi, ammo...

Birinchi kun o‘tib, 30 iyun kuni aytilgan vaqtda jo‘mrakdan bir tomchi ham suv tushmadi. Balki bizning uyimizga ulangan vodoprovod tarmog‘ida uzilish bo‘lgandir degan o‘yda qo‘shnilarnikiga chiqdik. Ularning uyida ham bizning uydagi kabi holat edi. Do‘kondan olib kelingan suvga yuz-qo‘lni chayib, ertalab uyg‘onganimizda suv bo‘lar, degan yaxshi niyatda uxlashga yotdik.

Ikkinchi kun ham tugab, 1 iyul tongida yuqorida sanalgan ko‘chalarda yashovchilar ertalabdan suv izlab sarson bo‘lishdi. Vaziyatning sababini bilish uchun tegishli tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qilishga urindik. «Samarqand suv ta'minoti» korxonasining telefonlariga ulanishning iloji bo‘lmadi. Turli mas'ul idoralarga sim qoqaverib, nihoyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasining dispetcheriga ulanishga muvaffaq bo‘ldik va u holatdan xabari borligi, katta ta'mirlash ishlari ketayotgani bois ikki soatdan so‘ng suvdan uzilgan barcha tarmoqlarga suv berilishini aytib, bizni xursand qildi.

Ikki soat tugul, kun yarmiga borib ham suv bo‘lmadi. Yana tegishli tashkilotlarga bog‘lanish uchun samarasiz urinishlar... Qiziq, tarmoq soatlab band bo‘ldimikan yoki telefon ataylab avtomat tarzda javob beriladigan qilib qo‘yildimikan?

Bu paytda ijtimoiy tarmoqlarda aholining ushbu voqea yuzasidan e'tirozlari paydo bo‘la boshladi. Tarmoqda surat o‘rniga «Samarqand viloyat suv oqova» ramzi tushirilgan foydalanuvchining posti ko‘chirib bosildi. Unda jumladan shunday deyiladi: «Katta hajmdagi ishlar olib borilayotgani bois «Samarqand suv ta'minoti» DUK e'londa belgilangan vaqtda ishni bajarishga ulgurmaydi. Gagarin, Ro‘dakiy, Lohutiy, Nabiyev, Farhod, Shota Rustaveli, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasining bir qismi, Navoiy prospekti, Liniya orti ko‘chalarida suv ta'minoti soat 13:00da tiklanadi. «Samarqand suv ta'minoti» DUK vaqtincha suv yetkazib beradi».

Iste'molchilar bu va'daga ham ishonishdi. Biroq, 1 iyul kuni kech soat 24:00gacha ham aholiga suv yetkazib berilmadi.

Uchinchi kun. 2 iyul tongi ham suvsizlik bilan boshlandi. «Dom»da yashaydiganlar yaxshi bilishadi, yarim kun suv bo‘lmasa kanalizatsiya quvurlaridan badbo‘y hid tarqala boshlaydi. Uch kundan buyon yig‘ilib qolgan idish-tovoqlar haqida-ku, gapirmasak ham bo‘ladi. Ertalabdan qo‘lida chelak tutgancha ko‘chada suv izlab chiqqanlarga ko‘zimiz tushdi, ular safiga o‘zimiz ham qo‘shildik.

Suv ta'minoti uchun javobgar tashkilotlarga qo‘ng‘iroqlarimiz havoga uchdi – yana hech kim go‘shakni ko‘tarmadi. Kommunal boshqarma dispetcheriga ulanib, unga bugun uchinchi kundirki suv yo‘qligini, bundan boshqarmadagilarning xabari bor-yo‘qligini so‘radik. Shu kuni xizmatda bo‘lgan dispetcher qo‘pol tarzda ta'mirlash ishlari ketayotganini aytib, buyruq ohangida «Kuting, keladida suv» dedi. Iste'molchi sifatida bu bizning hamiyatimizga tegdi.

Shahar hokimligiga qo‘ng‘iroq qildik, ammo ular bilan ham bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Nihoyat, soat 09:32da viloyat hokimligining telefon raqami bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldik. O‘zini Baxtiyor deb tanishtirgan xodimga vaziyatni tushuntirib, aholiga yordam berilishini so‘radik. U tarmoqda ta'mirlash ishlari ketayotgani, yaqin ikki soat ichida suv berilishi haqida va'da berdi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqda samarqandliklar guruhlari foydalanuvchilarning suv yo‘qligidan shikoyat qilgan postlari bilan to‘ldi:

Uch kundirki uyimizda suv yo‘q. Yosh bolalilarga juda qiyin bo‘lyapti. Kimdir bunga javob beradimi?

– Bu qanday mas'uliyatsizlik? Nahotki xalqni aldashayotganidan uyalishmayapti? Suvni qachon ulashadi?

– Uch kundirki suv berilishini kutamiz. Ammo shahar suv oqova tashkiloti qo‘ng‘iroqlarga javob bermayapti.

– Vijdon bormi sizlarda? Madaniyat ko‘chasiga kelib, pul yig‘ib bersanglar, suvni ulab beramiz deyishdi...

Bu kabi izohlarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo «Samarqand suv ta'minoti» DUK mas'ul xodimlari bu kabi e'tirozlarni eshitmaslik uchun quloqlariga paxta tiqib olgan ko‘rinadi. Aks holda allaqachon kerakli choralar ko‘rilgan bo‘lardi.

Yuqorida biz samarqandliklar ustida tajriba olib borilgani haqida istehzo bilan so‘z yuritgan edik. Mas'ullar uch kundan buyon shahar aholisini suvsiz qoldirish bilan go‘yo odamlarning bu sinovga qancha vaqtgacha bardosh berishini sinamoqchidek. Ushbu gaplar yozilayotganida soat millari 2 iyul holatida 15:50ni ko‘rsatmoqda. Ammo hamon Samarqand shahri aholisining aksar qismi suvsiz qolmoqda.

Dilfuza Zaripova, jurnalist

Mavzuga oid