Jahon | 15:37 / 03.08.2020
54577
14 daqiqa o‘qiladi

«Sahrodagi bo‘ron». AQSh-Iroq birinchi urushi qanday sodir bo‘lgan edi?

30 yil muqaddam Iroq Kuvaytni bosib olib, o‘zi uchun halokatli tugashi muqarrar bo‘lgan AQSh bilan qarama-qarshilikni boshlab bergandi. Oq uy o‘shanda ilk bor arab davlatlari ishiga aralashishni boshlagan va bu ish hamon davom etmoqda.

Foto: The Atlantic

1988 yilda, Iroq-Eron urushi tugaganidan so‘ng Iroq iqtisodiy muammolarga duch kela boshlaydi. Mamlakat Eron bilan urishib yurganida Saudiya Arabistoni va Kuvaytdan katta miqdorda qarz bo‘lgan, endi o‘sha qarzlarini qaytarishi kerak edi. Urushdan charchab chiqqan Iroqda o‘sha qarzlarni qaytarishga yetarli mablag‘ yo‘q edi.

Bu muammoni yechishda Iroq prezidenti Saddam Husayn agressiv yo‘ldan ketadi. U Kuvaytni bahsli hududlardan biri bo‘lgan Rumeyladan noqonuniy neft qazib olishda ayblab, undan Iroq-Eron urushi paytida berilgan 17 milliard dollar miqdoridagi qarzdan kechishni va yana 2,4 milliard dollar miqdorida tovon puli to‘lashni talab qila boshlaydi. Tabiyki, Kuvayt buni rad etadi.

Urushning boshlanishi

Saddam Husayn © STR New/Reuters

1990 yil 31 iyul kuni Saudiya Arabistonining Jyezde shahrida o‘zaro nizolar yuzasidan Iroq-Kuvayt muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Ammo muzokara natijasiz tugaydi. Oradan ikki kun o‘tib, 1990 yil 2 avgust kuni Iroq qo‘shinlari Kuvaytga bostirib kiradi, Kuvayt amiri Jobir as-Saboh Saudiya Arabistoniga qochib ketadi.

Iroq qo‘shinlari Kuvaytni bosib olgan kunning o‘zida BMT Xavfsizlik Kengashi 660-sonli rezolyutsiyani qabul qiladi. Unda Iroqqa Kuvaytdan o‘z qo‘shinlarini darhol olib chiqib ketish talabi qo‘yiladi. Iroq BMT talabini rad etdi va Kuvaytni o‘z tarkibiga qo‘shib olib, uni o‘zining 19-provinsiyasi deb e’lon qiladi.

O‘sha paytda ko‘plab xalqaro tashkilotlar va davlat rahbarlari Saddam Husayndan o‘z qo‘shinlarini Kuvaytdan darhol olib chiqib ketishni talab qilishadi. U bu talablarni e’tiborsiz qoldiradi.

«Sahrodagi bo‘ron»

AQSh armiyasi Kuvayt chegarasi tomon harakatlanmoqda, 1991 yil yanvar
© AP Photo/DOD Pool/Peter Dejong

Iroq BMT rezolyutsiyasini pisand qilmaganidan keyin, AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi zudlik bilan Iroqqa qarshi harbiy harakatlar boshlash rejasini tuza boshaydi. Rejaga shartli ravishda «Sahrodagi bo‘ron» deb nom beriladi. Rejada avval Iroqdagi muhim obektlarga havodan zarba berish, so‘ng quruqlikdagi qo‘shinlarni harakatga keltirish belgilangan edi.

1990 yil 7 avgust kunidan boshlab AQSh o‘z harbiylari va harbiy texnikalarini Fors ko‘rfaziga ommaviy tarzda jo‘nata boshlaydi. BMT o‘shanda Iroqqa qarshi jami 12 rezolyutsiya qabul qiladi. Ularda Iroqqa nisbatan iqtisodiy va harbiy sanksiyalar, shuningdek Kuvaytdan qo‘shinlarni darhol olib chiqib ketish talablari qo‘yilgandi.

Ammo, Saddam Husayn bu rezolyutsiyalarga parvo qilmaydi.

1990 yil 27 noyabrda BMT Iroqqa qarshi harbiy kuch ishlatish haqida 678-sonli maxsus rezolyutsiyani qabul qiladi. Unda Iroqqa 1991 yil 15 yanvargacha Kuvaytdan chiqib ketish uchun so‘nggi muddat beriladi. Agar bu shart bajarilmasa, unga qarshi harbiy kuch ishlatilishi belgilanadi.

Iroqqa qarshi harbiy amaliyotlar olib borish uchun o‘sha paytda AQShga yana ko‘plab davlatlar qo‘shiladi va qisqa fursatda ularning soni 28ta bo‘ladi. Ittifoqchilar qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilish AQSh generali Norman Shvarskopfga topshiriladi.

«Sahrodagi bo‘ron» amaliyoti rahbari general Norman Shvarskopf Foto: Eric Cabanis/AFP/Getty Images

Iroqqa qarshi xalqaro kuchlar tarkibiga bir qator arab davlatlari, jumladan Misr, Suriya va Saudiya Arabistoni ham qo‘shiladi.

Xalqaro kuchlar tarkibida 600 ming askar, 8 mingga yaqin harbiy texnika, 2 ming samolyot va ko‘plab harbiy kemalardan iborat katta armiya jamlanadi.

Harbiy aviatsiyani boshqarish uchun AQShning 9-havo qo‘shinlari armiyasi qoshida yagona boshqaruv shtabi tuzildi va xalqaro kuchlar avitsiyasi ana shu boshqaruv shtabi orqali boshqariladi. Iroqqa qarshi xalqaro koalitsiyaning asosiy bazasi Saudiya Arabistoni shimolida, Iroq chegarasidan 20-50 kilometr uzoqlikda joylashtiriladi.

O‘sha paytda Iroq armiyasida 1 millionga yaqin askar, 5 ming tank, 8 ming minomyot, 700 samolyot va «Yer-Yer» tipidagi 400 kilometrdan 1200 kilometr uzoqlikkacha ucha oladigan raketalar bo‘lgan.

Iroq havo zarbalari ostida

1991 yil 15 yanvarda Iroqqa berilgan so‘nggi muddatgacha Saddam Husayn Kuvaytdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqmaydi. 17 yanvar kuni soat 00:00da xalqaro kuchlar aviatsiyasi Iroq bo‘ylab keng qamrovli havo hujumini amalga oshirishga kirishadi va muhim obektlarga bomba tashlay boshlaydi.

Ittifoqchilar aviatsiyasi 24 yanvargacha sutkasiga 700-800tadan, jami 4700ta parvozni amalga oshiradi. Asosiy aviazarbalar Iroq poytaxti Bag‘dod shahri va yana bir qator shaharlardagi muhim obektlarga beriladi. Iroq tomoni ham qarab turmaydi va «Al Husayn» va «Al Abbos» deb nomlangan «Skad» tipidagi raketalar bilan ittifoqchilarning Saudiya Arabistoni hamda Isroildagi bazalariga zarba berishga urinadi. Bu turdagi raketalarni Iroqqa urushdan avval SSSR yetkazib bergan edi.

Iroq tomonidan uchirilgan raketalarning bir qismi mo‘ljalga yetib borgan, yana bir qismi AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli raketa tutqichlar tomonidan urib tushirilgan.

Olti kunlik havo hujumi natijasida Iroq hududidagi aksariyat muhim obektlar vayron qilinadi. Iroqqa havodan zarba berish fevral oyida ham davom ettiriladi.

Nihoyat 15 fevralda Saddam Husayn xalqaro koalitsiyaga Kuvaytdan qo‘shinlarini olib chiqishga tayyor ekanini bildiradi.

Ittifoqchilar Iroqqa quruqlikdan ham hujum qilishga kelishib olishgani tufayli Saddam Husaynning sulh haqidagi taklifini e’tiborsiz qoldirib, hujum qilishda davom etishadi.

Quruqlikdagi harbiy amaliyotlar va Iroqning yengilishi

Kuvaytda iroqlik askarlar amerikaliklarga taslim bo‘lmoqda, 1991 yil fevral
© AP Photo/Laurent Rebours

1991 yil 24 fevral kuni xalqaro kuchlar Iroqqa qarshi quruqlikdagi harbiy amaliyotlarni boshlaydi. 27 fevral kuni ittifoqchilar tomonidan Kuvayt hududi Iroq harbiylaridan tozalanadi va harbiy harakatlar endi Iroq hududida davom ettiriladi.

28 fevral kuni Iroq Bosh qo‘mondonligi oq bayroq ko‘taradi va shu tariqa «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasi yakunlanadi.

Urushning AQSh uchun ahamiyati

«Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasida xalqaro kuchlarning Iroq ustidan g‘alaba qozonishining AQSh uchun ahamiyati juda katta edi.

1964-1975 yillarda bo‘lib o‘tgan Vetnam urushida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng xalqaro maydonda AQSh harbiylarining obro‘si ancha tushib ketgan edi.

Iroqqa qarshi urushdagi g‘alaba AQSh harbiylariga ana shu ishonchni qaytaradi.

Iroq tomoni esa bu urushgacha sakkiz yil Eron bilan urushgan, armiyasi chiniqqan edi. Ammo, chiniqqan armiya xalqaro kuchlarning havo hujumlari ostida «tutday to‘kilib» ketadi.

Tomonlar nima yo‘qotadi?

AQSh boshliq xalqaro kuchlar bu urushda 200 nafarga yaqin askardan ayriladi. Ulardan 110 nafari arab davlatlari, 88 nafari xalqaro kuchlar tarkibidagi harbiylar edi.

Shuningdek, ittifoqchilar 26ta uchuvchi apparatidan ayriladi. Shundan 25tasi texnik xatolar tufayli xalqaro kuchlarning o‘zi tomonidan urib tushirilgan.

Iroq bu urushda ko‘p narsa yo‘qotadi. Urush tugagandan biroz o‘tib G‘arb nashrlarida, bu urushda 100 ming nafar iroqliklar halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar beriladi. Ayrimlar bu urushda Iroq tomonidan 200 ming kishi halok bo‘lgani haqida ham yozadi. Bu urushda Iroq harbiylaridan qanchasi halok bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlarni hisoblashning imkoni bo‘lmagan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Iroq armiyasi bu urushda 20-26 ming nafar askar, 308 samolyot, 1800-3700 tank, 520-2400 zirhli texnika, 1465-2400 artilleriya qurollari, 100ga yaqin turli hajmdagi kemalar va turli rusumdagi havo hujumiga qarshi qurilmalarini yo‘qotgan.

Shuningdek, xalqaro kuchlar tomonidan Iroq fuqaro aviatsiyasiga tegishli 12ta samolyot yo‘q qilingan.

Bu urushda Iroq tomonidan uchirilgan «Skad» rusumli raketalar tufayli Isroilda ham 15 kishi halok bo‘ladi va ko‘plab turarjoylarga zarar yetadi.

Urushning ekologik oqibatlari

Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida sodir bo‘lgan bu urush mintaqa uchun haqiqiy ekologik halokatlarni olib keladi. Avvaliga Iroq tomonidan Kuvaytga tegishli, keyin esa xalqaro kuchlar tomonidan Iroqqa tegishli neft konlari yoqib yuborilishi tufayli mintaqa havosi jiddiy zararlanadi va havoni tutun qoplaydi.

Havo qora tutun bilan zaharlangani uchun kuzda qora rangli yomg‘ir yog‘adi. Ana shu zaharli yomg‘ir mintaqadagi 320ta katta-kichik ko‘llar suvini zaharlaydi. Oqibatda, o‘sha ko‘llardagi suv jonzotlari nobud bo‘ladi.

Har ikki tomondan neft ortilgan tankerlarga hujum qilinishi oqibatida, neft dengizga oqib ketishi Fors ko‘rfazidagi Iroq, Kuvayt va Saudiya Arabistoni hududidagi dengiz sohillari ekotizimiga jiddiy zarar yetkazadi.

Urush tugaguncha jami 8 million barrel neft dengizga oqib ketadi. Natijada, ko‘plab dengiz hayvonlari va ularni iste’mol qilgan 30 mingta turli turdagi qushlar nobud bo‘ladi.

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, bu urush natijasida yaqin tarixdagi eng yirik ekologik fojia yuz beradi.

Urushdan so‘ng undirilgan tovon pullari

Urush tugagandan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi qoshida tovon puli masalasida maxsus komissiya tuziladi. Komissiyaning vazifasi 1990 yil 2 avgustdan 1991 yil 2 martgacha bo‘lgan davrda Iroq armiyasi bostirib kirishi oqibatida jabrlanganlarga tovon puli undirib berish edi.

2007 yilda ushbu komissiya tomonidan urushda jabrlanganlardan kelgan 1 543 665ta shikoyatni qanoatlantiriladi va Iroq hukumatidan ular foydasiga jami 52 milliard 386 million AQSh dollari miqdorida tovon puli undirish haqida hukm chiqariladi.

2007 yil 1 iyun holatiga ko‘ra Iroq zimmasiga yuklatilgan tovon pulidan 22 milliard 81 million dollar mablag‘ BMT qoshida ochilgan Iroq neft eksportidan tushadigan mablag‘lar jamg‘arib boriladigan fond orqali to‘lab beriladi. Tovon pulining qolgan qismi ham keyinchalik to‘lab beriladi.

Saddam Husayn nimasiga ishongan edi?

O‘sha paytda Kuvaytni bosib olib, uni o‘z davlatining bir bo‘lagi deb e’lon qilgan Saddam Husayn nimaga ishonib BMT rezolyutsiyalari va xalqaro hamjamiyatning ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirgan? Bu savolga aniq javob yo‘q. Ammo ko‘plab taxminlar bor. Birinchi taxminga ko‘ra, u Iroq-Eron urushida o‘z armiyasi ancha toblangan va janglarda tajriba orttirgan, shu sababli xalqaro kuchlar tomonidan yo‘llanadigan harbiylarga bas kela oladi deb hisoblagan. Yana bir taxminga ko‘ra, o‘sha paytda SSSR Afg‘onistonda olib borilgan 10 yillik urushda mag‘lub bo‘lib, o‘z harbiylarini olib chiqqaniga uncha ko‘p bo‘lmagan va bu ish ham Saddamni ilhomlantirgan. Ya’ni u SSSRdek qudratli davlat harbiylari Afg‘onistonda yengilgan ekan, Iroq armiyasi ham AQSh harbiylarini mag‘lub eta oladi deb ishongan. Yana bir taxminga ko‘ra, o‘sha paytda agar urush boshlanadigan bo‘lsa, SSSR harbiy yordam berishni va’da qilib, Saddam Husaynni ishontirgan. Urush boshlangandan so‘ng xalqaro hamjamiyat bosimi bilan Moskva o‘z va’dasida turmagan.

Nima bo‘lganda ham o‘sha paytda Saddam Husayn o‘z kuchiga oshiqcha baho berib yuborgan. Aks holda BMT Xavfsizlik kengashining so‘nggi ogohlantirishidan so‘ng unda vaziyatni o‘nglash va Kuvaytdan qo‘shinlarini olib chiqib ketib, hammasini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun bir yarim oy vaqt bor edi.

Xulosa

Bu urush sodir bo‘lgandan biroz o‘tib SSSR tarqalib ketadi. AQSh esa urush g‘olibi sifatida jahon siyosiy maydonida yana yetakchilikni o‘z qo‘liga oladi.

Iroq Saddam Husaynning manmanligi oqibatida juda og‘ir vaziyatga tushib qoladi.

Mamlakat xalqaro kuchlarga tegishli avitsiya tomonidan vayron qilingani yetmaganday, keyinchalik Iroq bu urushda jabrlanganlarga tovon puli to‘lashga majburlanadi.

Shuningdek, xalqaro hamjamiyat tomonidan Iroqqa nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilinadi. Ana shu sanksiyalar tufayli Iroq neft eksport qilishda muammolarga duch kela boshlaydi. Sanksiyalarga ko‘ra, Iroqqa neft eksport qilishda ma’lum limit joriy qilinadi. Shundan so‘ng Iroq ana shu limitda belgilangandan oshiq neft eksport qila olmay qoladi. Buning oqibatida mamlakat iqtisodiyoti orqaga ketib, aholining turmush darajasi pasayib boradi.

AQSh va Iroq o‘rtasida boshlangan qarama-qarshilik bu urushdan keyin ham davom etadi.

Oradan 13 yil o‘tib AQSh Iroqqa yana bostirib kiradi. AQSh harbiylari tomonidan Saddam Husayn asir olinadi va sud qilinib dorga osib o‘ldiriladi.

Endi bu boshqa mavzu...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid