Jahon | 20:38 / 19.08.2020
6276
1 daqiqa o‘qiladi

Livan prezidenti ustidan sudga shikoyat qilindi

Livanlik advokat Mayd Xarb Livan prezidenti Mishel Aun va iste'foga chiqqan bosh vazir Hasan Diab ustidan sudga shikoyat qildi. Advokatning fikricha, Bayrut portidagi vayronkor portlash aynan Aun va Diabning sovuqqonligi sababli sodir bo‘lgan.

Foto: TBN

“Ular portlashning oldini olish uchun hech qanday choralar ko‘rishmagan”, deb aytilgan shikoyatda. Advokatning ta'kidlashicha, prezident va sobiq bosh vazir portlashdan 2 hafta oldin portda xavfli kimyoviy moddalar saqlanayotgani haqida ogohlantirilgan. Biroq shunga qaramay, hukumat bunga qarshi hech qanday chora ko‘rmagan.

Bayrutning yarmini vayron qilgan portlashlar 4 avgustda yuz bergandi. Hukumat portlashga 6 yil avval bojxona idoralari tomonidan musodara qilingan va portdagi omborlardan birida saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasi sabab bo‘lganini ma'lum qilgan. 

8 avgustda portlash ortida Bayrutda hukumatga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyishchilarning fikricha, aynan mamlakat rahbariyati fojia uchun javobgar hisoblanadi.

Namoyishlar ortida Livan bosh vaziri Hasan Diab 10 avgustda o‘zi va hukumatning iste'foga chiqishini e'lon qilgan.

Mavzuga oid