Jamiyat | 16:07 / 23.09.2020
3364
2 daqiqa o‘qiladi

Qiyin ahvoldagi ayollar uchun uy-joylar ajratilishi to‘xtatilmagan - vazirlik

Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda karantin sababli qiyin ahvoldagi ayollarga uy-joylar ajratilishi to‘xtatilgani haqida savolga javob qaytarildi.

«Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 168-bandiga asosan har yili 1576ta arzon uy-joy berilishi rejalashtirilgan.

Karantin munosabati bilan bu uy-joylar berilishi to‘xtatilgani haqidagi fikrlar noto‘g‘ri.

Davlat dasturining 204-bandiga muvofiq, bugungi kunga qadar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarni uy-joy bilan ta'minlash uchun Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash Davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 852 nafar xotin-qizlarga 10 foiz boshlang‘ich badal - 14 mlrd 563 mln 113 ming so‘m to‘lab berildi», dedi vazirlik matbuot kotibi.

Shuningdek, Jazoni ijro etish muassasasidan qaytganlarga mahalla tomonidan qanday yordam ko‘rsatilishi mumkinligi haqida ham ma'lumot berildi.

«Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan xotin-qizlar fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan bir yil mobaynida profilaktik hisobga olinib, hamkorlikda yakka tartibdagi profilaktik ishlar amalga oshiriladi.

Hozirgi vaqtda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan 492 nafar xotin-qizlarning oilaviy sharoitlari, turmush darajasi o‘rganilib, ulardan 15 nafarida fuqarolik pasportlari bo‘yicha, 5 nafarida uy-joy masalasida muammolari borligi aniqlangan.

Ularning 6 nafarini fuqarolik pasporti bilan, 3 nafarini esa uy-joy bilan ta'minlashda ko‘mak ko‘rsatildi. Qolgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish ishlari davom etmoqda», dedi vazirlik vakili.

Mavzuga oid