O‘zbekiston | 19:58 / 26.09.2020
13356
4 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura organlari xodimlariga “Mehr - saxovat” ko‘krak nishonlari topshirildi

264 nafar prokuratura xodimlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta'sis etilgan “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqida Bosh prokuraturaning huquqiy axborot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i X.Shamsutdinov ma'lum qildi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda faol ishtirok etishda o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni ta'sis etilgan edi.

Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa tarzidagi tantanali tadbirda prokuratura organlarining ushbu ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan bir guruh xodimlariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda qayd etilganidek, dunyoda hech bir xalq yoki millat hayot sinovlaridan, taqdirning kutilmagan zarbalaridan xoli emas.

Nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida ham nisbatan sertalofat kechayotgan joriy yilda xalqimiz ko‘plab og‘ir sinovlarni boshidan o‘tkazmoqda.

Ayniqsa, jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi, Sardoba va Buxoroda ro‘y bergan ofatlar, ular oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa qiyinchiliklar matonatli xalqimizni yana bir bor imtihondan o‘tkazdi, uning irodasini tobladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bu ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish va ularning ta'sirini yumshatishga qaratilgan tashabbuslarning o‘z vaqtida ilgari surilgani tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.

Zotan, sinovli damlar davlat va xalqni eng oliy maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirdi.

O‘zbekiston butun dunyoga har qanday sharoitda ham davlat va xalq hamjihatligining yorqin namunasini yana bir bor ko‘rsata oldi.

Mamlakatimizdagi birdamlik va eng asosiysi, davlat tomonidan oqilona siyosatning to‘g‘ri yuritilgani butun jamiyatning murakkab jarayonlardan kam talofat bilan o‘tib olishiga, xalqimiz turmush darajasining barqarorligi saqlanishiga zamin yaratmoqda.

Keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan tegishli chora-tadbirlarning samarali ro‘yobga chiqarilishida prokuratura organlarining ham hissasi bor.

Jumladan, prokuratura organlari tomonidan pandemiya sababli aholining murakkab ahvolga tushib qolgan qatlamlariga 5,2 mlrd. so‘m bevosita yo‘naltirildi,  Sardobadagi  ofatdan  jabr ko‘rganlarga 2,8 mlrd. so‘mlik  moddiy yordam ko‘rsatildi. 

“O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga esa 5,9 mlrd. so‘mlik homiylik mablag‘i o‘tkazildi.

Bundan tashqari, prokurorlar sektorlari tomonidan 149 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaning 55 mingga yaqini tegishli ro‘yxatdan, ya'ni, kambag‘allikdan chiqarildi.

Ayni paytda sinovli kunlarda og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvolga tushib qolganlarga xayriya va saxovat mablag‘larini manzilli yetkazish, beg‘araz homiylik ishlariga  keng  jamoatchilikni  jalb  etish  bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, deyildi xabarda.

Mavzuga oid