O‘zbekiston | 09:52 / 30.10.2020
10094
2 daqiqa o‘qiladi

Damas va Labo avtomobillarining 277 ta butlovchi qismlari mahalliylashtirilmoqda

Mahalliylashtirish loyihasiga ko‘ra, Damas va Labo avtomobillarining 28 foiz ehtiyot qismi o‘zlashtiriladi va bu avtomobil tannarxi arzonlashishiga olib keladi.

UzAutoMotors mahalliylashtirish rejasiga muvofiq, Damas va Labo avtomobillarining 277 ta butlovchi qismlari mahalliylashtirilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

«O‘zavtosanoat» qoshidagi R&D markazi muhandisi Fikrat Umirovning ma'lum qilishicha, UzAutoMotors mahalliylashtirish rejasiga muvofiq, Damas va Labo avtomobillarining detallarini 3D skaner qilib, 2D va 3D chizmalari ishlab chiqildi. Chizmalar asosida shtamplash, qoliplarni tayyorlash jarayoni ketmoqda. Bu import o‘rnini bosuvchi detallar ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratadi.

Yuqoridagi loyiha qiymati 938 mln so‘mga teng bo‘lib, ushbu loyiha natijasida mahalliylashtirilgan detallar soni 277 taga yetdi. Shuningdek, ushbu detallarning avtomobil tannarxiga nisbati 28 foizni tashkil etmoqda.

“Yangi sex va zavodlar ishga tushirilishi tufayli aholi bandlik darajasi oshadi. Mahalliylashtirish darajasi o‘sishi asnosida mashina tannarxini tushirishga erishish ishlari olib borilmoqda”, – dedi Fikrat Umirov 29 oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan “Avtomobilsozlikdagi dolzarb muammolar va innovatsiyalar” mavzusidagi seminarda.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” qoshidagi R&D markazining asosiy maqsad va vazifasi avtomobilsozlik va texnika sohalarida muhandislik yechimlarini taqdim etish hisoblanadi.

Mavzuga oid