O‘zbekiston | 12:27 / 19.11.2020
7617
4 daqiqa o‘qiladi

Aziza Umarova Uzbekistan Airports kuzatuv kengashi mustaqil a’zosi bo‘ldi

«SmartGov» konsalting kompaniyasi rahbari Aziza Umarova «Uzbekistan Airports» AJning kuzatuv kengashi a’zolari tarkibiga mustaqil a’zo sifatida kiritildi.

Foto: Xalqaro press-klub

Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va elektron hukumat masalalari bo‘yicha mutaxassis, Smartgov.consulting kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova 14 noyabr kuni «Uzbekistan Airports» AJning kuzatuv kengashi a’zolari tarkibiga mustaqil a’zo sifatida kiritildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lumot berilgan.

«Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv organining navbatdan tashqari yig‘ilishida ikkita asosiy tayinlov masalasi ko‘rib chiqilgan. Unga muvofiq, Aziza Umarova kuzatuv kengashi a’zolari tarkibiga mustaqil a’zo sifatida, shuningdek, Ulug‘bek Bektoshevni boshqaruv raisining tijorat va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlash masalasida boshqaruv organi a’zolari ovoz berishgan. Natijaga ko‘ra, har ikki nomzod lavozimga tasdiqlangan.

Qonunga muvofiq, respublika fond birjasi kotirovkasiga a’zo bo‘lgan aksionerlik jamiyatlarining o‘z nazorat kengashi tarkibida kamida bir nafar «mustaqil a’zo»ning bo‘lishi shart.

Quyidagi shaxs kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi deb e’tirof etiladi:

  • so‘nggi uch yil mobaynida jamiyatda va (yoki) uning affillangan shaxslarida ishlamagan shaxs;
  • jamiyatning aksiyadori va (yoki) uning affillangan shaxsining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lmagan shaxs;
  • jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo‘lmagan shaxs. Bunda qaysi mijoz va yetkazib beruvchi bilan eng kam ish haqining ikki ming baravaridan ko‘p bo‘lgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud bo‘lsa, o‘shalar yirik mijoz va yirik yetkazib beruvchi deb e’tirof etiladi;
  • jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega bo‘lmagan shaxs, bundan kuzatuv kengashi a’zosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan hollar mustasno;
  • jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlari va (yoki) uning affillangan shaxslari a’zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a’zo bo‘lgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchisi), farzandi (farzandlikka olingan bolasi), tug‘ishgan va o‘gay akasi (ukasi) hamda opasi (singlisi) bo‘lmagan shaxs;
  • davlat boshqaruvi organi yoki davlat korxonasining xodimi bo‘lmagan shaxs.

Ma’lumot uchun, Aziza Umarova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Buyuk Britaniyaning Sent-Endryus universitetida tahsil olgan. Davlat boshqaruvida islohotlar va modernizatsiya, elektron hukumat, gender masalalari bo‘yicha mutaxassis. Hozirda Singapurning «SmartGov» konsalting kompaniyasi ijrochi direktori. U #Aziza Umar kundaligi telegram kanalida turli masalalar bo‘yicha o‘zining faol fuqarolik munosabatini bildirib boradi.

Mavzuga oid