O‘zbekiston | 02:15 / 15.12.2020
11705
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva nikoh shartnomasini faolroq targ‘ib qilishga chaqirdi

Foto: iStock

14 dekabr kuni Toshkentda «O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollar roli» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Forumda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ayollar huquqlarini ta'minlash uchun nikoh shartnomasini ommalashtirish zarurati haqida gapirdi.

“O‘tgan hafta Adliya vazirligida oila qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdik. Ajrashishlar soni ko‘payib bormoqda va ajrashganidan so‘ng ayol hech narsasiz ko‘chada qolmoqda. Ota-onasi yaxshi bo‘lsagina uy yoki ish bilan ta'minlanmoqda. Lekin u ota-onasining uyida ikki nafar bolasi bilan alohida oila sifatida erkin yashay olmayapti.

Davlat rahbari ham bu borada taklif berishimizni kutmoqdalar. Shu sababli biz mutaxassislar va deputat ayollar bilan adliyada bu mavzuni muhokama qildik. Ko‘pchilik nikoh shartnomasini majburiy qilish kerakligini aytmoqda. Lekin nikoh shartnomasi butun dunyoda, shuningdek, bizning qonunchilikda ham ixtiyoriy ekan, biz nega nikoh shartnomasini keng targ‘ib qilmayapmiz?

Biz himoya orderini ham ilk bor ta'sis qilganimizda hech kim olmasa kerak, bizning o‘zbek ayollari buni uyat deb o‘ylasa kerak, deb taxmin qilgan edik. Lekin hozirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 8 mingdan ortiq ayol himoya orderini olishibdi. Xuddi shuningdek, nikoh shartnomasini ham targ‘ib qiladigan bo‘lsak, bemalol yosh oilalar to‘ydan oldin nikoh shartnomasini olishga erishishadi.

Bu ishda o‘zimiz shaxsiy namuna bo‘lishimiz kerak. Chunki yoshlar rahbarlarga qarab o‘rnak oladi”, – deya taklif bildirdi Senat rahbari.

Ma'lumot uchun, Oila kodeksining 29-moddasiga ko‘ra, nikoh shartnomasi – er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) ular nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvidir.

  • Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. U yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
  • Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqli.
  • Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.

Mavzuga oid