O‘zbekiston | 14:39 / 18.12.2020
5852
3 daqiqa o‘qiladi

Majlisda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi ko‘rib chiqilmaydi - Tanzila Norboyeva

Senat raisi yalpi majlis kun tartibida Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala yo‘qligi haqida ma'lum qildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda Senatning o‘ninchi yalpi majlisida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi ko‘rilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Bir blogerimiz savol berganki, Oliy Majlis Senati yalpi majlisi boshlandi. Bugun «sirli» O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan», deyilibdi.

Nafaqat bu blogerimiz, balki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘qidimki, kun tartibida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish [masalasi bor]. Bu haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Bizning kun tartibimizda Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala kiritilmagan.

Bu masala xalqimiz bilan albatta maslahat qilgan holda kiritiladi. Konstitutsiya bu juda ham jiddiy, bizning asosiy qomusimiz. Bu ish xalq bilan bemaslahat qilinmaydi. Shuning uchun men sizlarni tinchlantirmoqchiman.

Sirli degan so‘zga alohida urg‘u bermoqchiman. O‘zbekistonda hech narsa sirli emas. Hamma masala ochiq, oshkoralik bilan qabul qilinyapti, ko‘rib chiqilyapti, xalq bilan bamaslahat qilinyapti.

Men nafaqat qonunlarni aytmoqchiman, balki qonunosti hujjatlari ham. Hattoki, prezidentimiz qabul qilayotgan har bir farmonlari, qarorlarini ham imzo chekishdan oldin xalq bilan maslahatlashib, ayniqsa, hududlar bilan maslahatlashib, deputatlarimiz, jamoatchilik, ekspertlar fikrini olgandan keyingina, hattoki mahalla raislari yoki selektor majlislarida jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalarini so‘ragandan keyingina imzo chekyaptilar. Buni hammangiz ko‘rib turibsiz. Ayniqsa 2020 yilda bu amaliyot O‘zbekistonda juda ham keng tarqaldi. Shuning uchun hech qaysi hujjat sirli qabul qilinmaydi», dedi Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, 11 dekabr kuni Oliy Majlis Senati kengashining majlisi bo‘lib o‘tgan va unda yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan qonunlar ro‘yxati tasdiqlangandi.

Senat axborot xizmati tarqatgan xabardagi ro‘yxatda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni ham bor edi.

Shunday bo‘lsa-da, keng jamoatchilikka Konstitutsiyaga qanday o‘zgarish kiritilishi haqida hech bir ma'lumot berilmagandi. Ko‘p o‘tmay, deputat Rasul Kusherbayev bu o‘zgarishlar sud tizimida kutilayotgan tashkiliy-tuzilmaviy yangiliklar bilan bog‘liq ekanini ma'lum qilgandi.

Qayd etish joiz, O‘zbekistonda chiqayotgan yangi qonunlarning to‘liq matnini u prezident tomonidan imzolanganidan keyingina e'lon qilish amaliyoti saqlanib qolmoqda. Ya'ni yangi qonunlarning to‘liq matni aksar hollarda ular Qonunchilik palatasida qabul qilinganidan keyin ham, Senat ma'qullaganidan keyin ham e'lon qilinmaydi.

Mavzuga oid