O‘zbekiston | 00:14 / 21.12.2020
48082
3 daqiqa o‘qiladi

Jasur Fozilov Buxoro shahri prokurori lavozimiga qaytdi

Ustidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, vazifasidan vaqtincha chetlatilgan Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov internetdagi shov-shuvli chiqishlari ortidan lavozimiga qaytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda shu haqda tarqalgan xabarni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov O‘zAga tasdiqlagan.

Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqlarda Jasur Fozilovning yana bir murojaati videosi tarqalmoqda. Unda prokuror holat yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi qaroridan rozi ekanini aytadi.

«Assalomu alaykum, muhtaram prezident. Mening ushbu murojaatim shaxsan sizga. Men ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zim prokuror bo‘lib, o‘zim qonunni himoya qiladigan shaxs bo‘lib, sizdan adolat so‘rab murojaat qilgan edim.

Mening murojaatlarim asosida, shaxsan sizning tashabbusingiz bilan Respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, Buxoroga yuborildi. Chunki menga, mening oila a'zolarimga, yaqinlarimga nisbatan qonunsiz harakatlar, tazyiqlar boshlangan edi.

Men bugun komissiyaning qarori bilan tanishib chiqdim. Komissiya tomonidan barcha holatlar adolatli, xolisona o‘rganib chiqilgan. Shu jumladan, mening ham xato va kamchiliklarim aniqlanib, menga nisbatan ham javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan.

Barcha holatlar komissiya tomonidan o‘rganib chiqilgan. Ba'zi holatlarga fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida aniqlik kiritish to‘g‘risida xulosa qilingan. Mening ustimdan arizani uyushtirgan tadbirkorlar ham bosh prokuror nomidan foydalanib kelayotganliklari komissiya a'zolari tomonidan aniqlangan.

Men bu qarorni o‘qib, undan adolatni topdim. Sizga ming rahmat. Barcha yig‘ilishlarda, selektorlarda doim ta'kidlaysiz, xalq qonun ustuvorligi ta'minlanayotganini bilishi kerak. Ushbu so‘zlaringiz isbotini shaxsan siz tomoningizdan qilingan harakatlar natijasini o‘zimda ko‘rdim.

Oilam, yaqinlarim, o‘zim ming bor rahmat deymiz sizga. Bu mening o‘zim uchun ham katta bir dars bo‘ldi. Men qayerda ishlashimdan qat'i nazar, shu yurt uchun, adolatni qaror toptirish uchun, qonun ustuvorligini ta'minlash uchun eng oxirgi qonim qolguncha xizmat qilishga va'da beraman.

Alloh sizni qo‘llab-quvvatlasin. Yangi O‘zbekiston uchun qilayotgan buyuk ishlaringiz, davlatni, qonun ustuvorligini ta'minlashdagi ishlaringizga doim omad tilayman. Doimo sog‘ bo‘ling», – deydi Jasur Fozilov.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro shahar prokurori 11 dekabrdan boshlab ketma-ket videomurojaatlar bilan chiqish qilgan, unda bosh prokuror va tizimning uch nafar xodimi ustidan davlat rahbariga shikoyat qilgan edi.

Bosh prokuratura o‘z bayonotida Fozilovning barcha da'volari «shaffof va oshkora» tarzda o‘rganilishi, bu tekshiruvda jamoatchilik nazoratini ta'minlashga tayyorligini e'lon qilgan edi.

Respublika komissiyasining xulosasi haqida hozircha ma'lumot berilmadi.

Mavzuga oid