Jahon | 23:37 / 07.01.2021
7435
2 daqiqa o‘qiladi

Demokratlarning senatdagi yetakchisi Pensni Trampni darhol hokimiyatdan chetlatishga chaqirdi

AQSh senatidagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer AQSh prezidenti Donald Trampni darhol o‘z majburiyatlaridan ozod qilishga chaqirdi. U bu maqsadda vitse-prezident Mayk Pensni konstitutsiyaga tegishli tuzatmadan foydalanishga chaqirdi.

Foto: AP

“Kecha Kapitoliyda yuz bergan hodisalar Tramp avj oldirgan AQShga qarshi isyon hisoblanadi. Prezident endi bir kun ham o‘z majburiyatlarini bajarmasligi kerak”, deb yozgan Shumer Twitter’da. Uning ta'kidlashicha, konstitutsiyaga 25-tuzatma bugungi kundagi vaziyatda qo‘llash mumkin bo‘lgan “eng tezkor va samarali chora” hisoblanadi. U, shuningdek, Pens va vazirlar mahkamasi uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlamasa, kongressga yig‘ilib, Trampga impichment e'lon qilishni taklif qilgan. 

AQSh konstitutsiyasiga 25-tuzatma mamlakat rahbari layoqatsiz deb topilsa, prezident vakolatlarining vitse-prezidentga topshirilishiga imkon beradi. Avvalroq CNN AQSh hukumatining ba'zi a'zolari bunday imkoniyatni muhokama qilayotganlarini ma'lum qilgan. 

Demokratlar partiyasi ayni vaqtda senatda ozchilikni tashkil qiladi. Shu sababli Trampni impichment qilishga avvalgi urinish senatda qo‘llab-quvvatlanmagandi, chunki senatda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi respublikachilar unga qarshi ovoz berishgandi. 

6 yanvarda Tramp tarafdorlari uning saylovlar natijalarini hech qachon tan olmasligi haqidagi so‘zlaridan keyin Vashingtondagi kongress binosi – Kapitoliyga bostirib kirishdi. Bu vaqtda u yerda prezident saylovlari natijalarini tasdiqlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tayotgan bo‘lgan. Kapitoliyning ishg‘ol qilinishi vaqtida 4 kishi halok bo‘lgan. Tramp tarafdorlari Kapitoliyni tark etgach, kongress Jo Baydenning prezident saylovlaridagi g‘alabasini tasdiqlagan.

Mavzuga oid