O‘zbekiston | 10:15 / 21.02.2021
30007
5 daqiqa o‘qiladi

Ayirish (ъ) belgisi: o‘zbek tilidagi o‘rni va o‘zbek-lotin alifbosida ifodalanishi

Filolog Ravshan Jomonov o‘zbek-lotin alifbosidagi munozarali holatlarni sharhlashda davom etadi. Navbatdagi videodarsda ayirish (ъ) belgisining ahamiyati, vazifalari, shuningdek, u qatnashgan so‘zlarning o‘zbek-lotin alifbosida ifodalanishi haqida so‘z boradi.

Navbatdagi mashg‘ulotimiz kirill yozuvidagi ayirish (ъ) belgili so‘zlarning imlosi, o‘zbek-lotin alifbosida ifodalanishi mavzusiga bag‘ishlanadi. 

Ma’lumki, 1940-yildan boshlab joriy qilingan kirill alifbosida ayirish belgisi bilan yoziladigan so‘zlar yuzaga keldi. Aslida rus tilida bo‘lgan bu belgidan o‘z qonuniyatlari asosida foydalanib kelishgan. Bu belgiga rus tili orfografiyasida salmoqli vazifalarni bajarish yuklangan.

Xo‘sh, o‘zbek tilida bu holat qanday yuzaga keldi va ushbu belgi ishlatiladigan bo‘ldi? Ushbu belgi o‘zbek-kirill yozuvida ikkita vazifani bajarishga qaratilgan.

  • Аъло — a’lo, маъно — ma’no, даъват — da’vat

Ushbu so‘zlarda unli tovushning cho‘ziqroq talaffuz etilishini ta’minlaydi.

  • Санъат — san’at, журъат — jur’at, масъул — mas’ul

Yuqoridagi kabi so‘zlarda o‘zidan oldingi tovush keyingisidan ajratib talaffuz etilishini ta’minlaydi.

Yuqoridagi ikki o‘rinda ayirish belgisi o‘zbek-lotin alifbosida tutuq belgisi bilan beriladi.

Ma’lumot o‘rnida, yurtdoshlarimiz orasida масъул – mas’ul so‘zining ikki alifbodagi yozuvi borasida ham xatolar kuzatiladi. Ya’ni ayirish yoki tutuq belgisini “s”dan oldin qo‘yishadi, bu xato.

Lekin ba’zi kishilarda bu ayirish (ъ) va tutuq (’) belgisi o‘zi ortiqcha, u fonologik vazifa bajarmaydi, degan iddao bor. Bu fikrlarga shunday javob berish mumkin: agar tutuq belgisi o‘zbek tilida ma’no ajratish xususiyatiga ega bo‘lmaganda edi, o‘z-o‘zidan alifbodan chiqib ketgan bo‘lardi.

  • Таъна — тана; ta’na — tana
  • Суръат — сурат; sur’at — surat
  • Шеър — шер; she’r — sher

Yuqoridagi kabi so‘zlardan ko‘rinadiki, ularning da’vosi o‘rinsiz. Chunki ushbu so‘zlarning ma’nosi tamoman boshqa-boshqa.

Ayirish (ъ) belgili so‘zlarning yana bir o‘ziga xos tomoni rus tili orqali Yevropa tillaridan o‘zlashtirilgan bir qator so‘zlarda ishlatiladi. Va ma’lum bir ma’no ajratishga xizmat qiladi.

  • Подъезд — podyezd; съезд — syezd; разъезд — razyezd; объект — obyekt; субъект — subyekt

Yuqoridagi kabi so‘zlar kirill yozuvida ayirish belgisi bilan yozib kelinadi, chunki rus tilida qanday shaklga ega bo‘lsa, shunday yozish maqbul deya qabul qilingan.

O‘zbek-lotin alifbosida bu o‘rindagi ayirish (ъ) belgisi o‘rniga o‘zbeklar talaffuziga mos ravishda bir «й» (y) harfi qo‘shib yoziladi. Chunki bu yerda talaffuzda tutilish emas, balki tovush qo‘shish holati mavjud. Bu kabi so‘zlarda tutuq belgisini qo‘yish yoki «y» harfini yozmaslik xato.

Yigitali Mahmudov yozib oldi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid