O‘zbekiston | 09:58 / 23.02.2021
26226
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasiga aylantirildi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatini Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar Qo‘riqlash bosh boshqarmasining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • shartnoma asosida davlat obektlari, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa obektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalarini qo‘riqlash;
  • qo‘riqlanayotgan obektlarda ichki, ruxsat berish rejimlarini hamda jamoat tartibini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish;
  • qo‘riqlash vositalari va tizimlarini qo‘llash sohasida yagona texnik siyosatni va ulardan foydalanish ustidan samarali nazoratni ta'minlash, shuningdek, qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng miqyosda joriy etish;
  • shartnoma asosida texnik qo‘riqlash vositalarini o‘rnatish (sozlash), ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish;
  • davlat tashkilotlari, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli qo‘riqlash bo‘linmalarida inspektorlik nazorat tekshiruvlarini o‘tkazish (huquq-tartibot organlari va harbiylashtirilgan tuzilmalardan tashqari), obektlarda ichki, ruxsat berish rejimlariga rioya etilishiga doir tadbirlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
  • ommaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta'minlashda ishtirok etish, aholi gavjum joylarda jamoat tartibini saqlashda huquq-tartibot organlariga ko‘maklashish.

Belgilanishicha, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanadi hamda o‘z vakolatlari doirasida davlat obektlari, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa obektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash bo‘yicha vazifalar va funksiyalarni ko‘rsatilayotgan qo‘riqlash xizmatlari uchun tushadigan mablag‘lar hisobiga, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta'minlash, xarajatlarni qoplash va mustaqil xo‘jalik yuritish tamoyili asosida amalga oshiradi.

Shunday tartib belgilanadiki, unga ko‘ra:

a) Qo‘riqlash bosh boshqarmasining shahodatlangan tarkibi Milliy gvardiyaning xodimlari hisoblanadi, huquqiy maqomi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlariga tenglashtiriladi;

b) 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi;

Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Qo‘riqlash bosh boshqarmasi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari o‘rtacha ikki baravargacha oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 maydan boshlab obektlarni qo‘riqlash tizimi “Yuqori sifat va qulay narx” tamoyili asosida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bosqichma-bosqich takomillashtiriladi:

  • shahodatlangan tarkib tomonidan qo‘riqlanadigan obektlarni bosqichma-bosqich harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalariga o‘tkazish;
  • maqbullashtirilgan aralash qo‘riqlash turlarini joriy qilish;
  • zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalarini joriy etish orqali jismoniy qo‘riqlashni qisqartirib borish.

Bunda ushbu chora-tadbirlar uch bosqichda, quyidagi obektlarga nisbatan amalga oshiriladi:

  • 2022 yil 1 yanvarga qadar - vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, hokimliklarning ma'muriy binolari, o‘quv va madaniy muassasalar, chakana amaliyot kassalari, bank xizmatlari markazlari;
  • 2022 yil 1 iyulga qadar - ishlab chiqarish obektlari, bozorlar, savdo markazlari, teleradiouzatuv obektlari, suv inshootlari;
  • 2023 yil 1 yanvarga qadar - bank binolari va boshqa obektlar.

Mavzuga oid