O‘zbekiston | 21:45 / 26.02.2021
17229
10 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi Buxoroda noqonuniy qurilayotgan binolar haqida ma'lum qildi

Qurilish vazirligi Buxoro viloyati hududida tadbirkorlar tomonidan olib borilgan qurilishlarni o‘rganib, ayrimlaridagi xato va kamchiliklar haqida ma'lumot berdi.

1. Buxoro shahri I.Karimov (Mustaqillik) ko‘chasi 24/1-uy manzilida joylashgan «BELUGA STORY AND BURGERS» MChJ tomonidan qurilayotgan 1 va 2-qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli ko‘p xonadonli turar joy binosi o‘rganilganda qavatlararo yopmalarda – ikkinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgani, ustun va to‘sinlarning burchaklari uchib ketgani aniqlangan.

«Binoning tashqi devorlari qurilish normativlariga mos loyihalashtirilmagan. Binoning tashqi devor konstruksiyalarida loyiha va vizual tekshirishda deraza darchalarini mustahkamlash choralari ko‘rilmagan. To‘sinni seysmik belbog‘ga bog‘lovchi armaturaviy ankerlar o‘rnatilmagan. Beton mustahkamligi g‘isht terish uchun sementli qorishmaning mustahkamligi bo‘yicha laboratoriya sinovlari o‘tkazilmagan bo‘lib, yashirin ishlar dalolatnomasi va umumiy payvandlash beton ishlari jurnali yuritilmagan. Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilganidan boshqa markadagi betondan foydalanilgani ma'lum bo‘lgan. Umuman olganda, binoning zilzilabardoshligiga ta'sir ko‘rsatadigan konstruktiv nuqsonlar aniqlangan», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Buxoro viloyati qurilish sohasidagi hududiy nazorat (QSHN) inspeksiyasi tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan va ijrosi nazoratga olingan.

2. Buxoro shahri G‘ijduvon ko‘chasi manzilida joylashgan «METRIC VENTURES» MChJ tomonidan qurilayotgan mehmonxona binosi o‘rnatilgan tartibda inspeksiyani xabardor qilmasdan qurilish-montaj ishlari boshlagani sababli Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan ogohlantirish xati berilgan. Qavatlararo yopmalarda – oxirgi qavat yopmalar qoplamalarida esa tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgan.

Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilganidan boshqa markadagi betondan foydalanilgani oydinlashgan. Ustun va to‘sinlar tutash qismda montaj vaqtida montaj penasidan foydalanilgan, ko‘p tugunlarda montaj penasining ko‘payib ketgani uchun tugunda g‘ovaklar hosil bo‘lgan.

Hozirgi kunda tasdiqlangan loyiha asosida qurilish-montaj ishlari olib borilmayotgani sababli yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.

3. Buxoro shahri Hamza ko‘chasi manzilida joylashgan «BUNYODKOR SHAHARSOZLIK» MChJ tomonidan qurilayotgan 1 va 2-qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosida qavatlararo yopmalarda – ikkinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgani aniqlangan. Ustun va to‘sinlarning burchaklari uchib ketgan.

Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M250-M300 beton marka o‘rniga amalda M150-M250 qilib bajarilgani ma'lum bo‘lgan.

Binoning qurilishi hali tugallanmagani, uchinchi qavatda ustunlar bino o‘qlariga nisbatan ruxsat etilgan me'yordan ortiq siljish bilan bajarilgani ham aniqlangan bo‘lib, ushbu kamchilikni buzib to‘g‘rilash mumkinligi ta'kidlangan. Qurilish montaj ishlarida bir qator kamchiliklar aniqlangani sababli hududiy inspeksiyaning 2020 yil 4 noyabrdagi tegishli ko‘rsatmasi berilgan.

Buxoro shahri S.Ayniy ko‘chasi 12-uy manzilida joylashgan «DEVELOPMENT DREAM HOUSE» MChJ tomonidan qurilayotgan, 1-qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi o‘rganilganda qurilish-montaj ishlari Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasini xabardor qilmasdan boshlagani aniqlangan. Shu tufayli, Buxoro shahar ma'muriy sudining 2019 yil 9 dekabrdagi qarori bilan MChJ rahbari tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan turib qurilish ishlarini boshlagani uchun MJtK 99-moddasi 7-qismi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Ushbu qurilish Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan 2020 yil 29 avgustdagi 772-son bilan ro‘yxatga olingan hamda ayni paytda tasdiqlangan loyiha asosida binoning 4-qavatida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

5. «BUXORO ZAMONAVIY UY-JOY» MChJ tomonidan Buxoro shahrining bosh rejasini qo‘pol ravishda buzgan holda Buxoro shahri I.Karimov ko‘chasi manzilida 1-qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilayotgani aniqlangan. Keyinroq Buxoro shahar hokimining 2018 yil 14 iyundagi qarori bilan Buxoro shahri I.Karimov ko‘chasida joylashgan «BUXORO ZAMONAVIY UY-JOY» MChJ tomonidan qurilayotgan turar joy binosini qurishga ruxsat berilgan.

Hozirgi kunda tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqan holda qurilish montaj ishlari olib borilayotgani sababli Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 28 yanvardagi 4049-sonli ko‘rsatmasi berilgan.

6. «Buxoro Konsmetalleks» MChJ tomonidan Buxoro shahri Sanoatchilar ko‘chasida qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi binosi Buxoro shahri bosh rejasiga zid joylashtirilgani va tasdiqlangan loyiha hujjatlarida bino 2 qavatli deb ko‘rsatilsa-da, aslida 4 qavatli bino qurilgan.

«Buxoro Konsmetalleks» MChJ Shaharsozlik kodeksi talablarini qo‘pol ravishda buzgani sababli 2020 yil 16 dekabrdagi xat bilan ushbu holat Buxoro shahar mamuriy sudiga oshirilgan. Buxoro shahar ma'muriy sudining 2020 yil 16 dekabrdagi qarori bilan «Buxoro Konsmetalleks» MChJ rahbari MJtK 99-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, qurilish montaj ishlarida bir qator kamchiliklar aniqlangani sababli 2020 yil 4 noyabrda hududiy inspeksiya tomonidan tegishli ko‘rsatma berilgan.

7. G‘ijduvon tumani «Degrezon» MFY Degrezon ko‘chasi manzilida «OBOD AVTO TRANS Q S» MChJ tomonidan qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari o‘rganilganda – obekt loyihada 3 qavatli ko‘rsatilib, aslida 5 qavatli qilib qurilgani ma'lum bo‘lgan.

Qavatlararo yopmalarda – beshinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgan hamda ustun va to‘sinlarning burchaklari uchib ketgan, ayrim konstruksiyalarda betonlarda g‘ovaklar mavjud va konstruksiyalarning armaturalari ochilib qolgan. Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M250-M300 beton marka o‘rniga amalda M150-M200 markadan foydalanilgan.

Shuningdek, bino zilzilabardoshligiga ta'sir ko‘rsatadigan bir qancha konstruktiv nuqsonlar aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.

8. Buxoro shahri Dilkusho ko‘chasi manzilida joylashgan, «LOYIHASUV QURILISH» MChJ tomonidan qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi hamda ofis binosi shahar bosh rejasiga zid ravishda joylashtirilgani hamda hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani aniqlangan. Tasdiqlangan loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan tarh qismi ham nomutanosibligi aniqlangan.

«LOYIHASUV QURILISH» MChJning mulki bo‘lgan ushbu obekt 2020 yil 24 yanvardagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan fuqaro Dilmurod Safarovga sotilgani malum bo‘lgan.

Tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqan holda qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani sababli mas'ullarga 2020 yil 21 oktyabr kuni ogohlantirish xati berilgan va qo‘shimcha tarzda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.

9. Buxoro shahri Dilkusho ko‘chasida joylashgan fuqaro Yodgorov Olim Davronovich tomonidan qurilayotgan, 1-qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi tekshirilganda ham qavatlararo yopmalarda – oxirgi qavat yopmalar plita qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar hamda mog‘orlar hosil bo‘lgani kuzatilgan.

Binoning asosiy konstruksiyalarining beton markasi loyihada ko‘rsatilganidan boshqacha markadagisidan foydalanilgani aniqlangan. Shuningdek, QSHN inspeksiyasidan kech ro‘yxatdan o‘tgani uchun bino konstruksiyasini joyga nisbatan tekshirish, instrumental texnik tekshiruvdan so‘ng olingan ma'lumotlarni nazarda tutgan holda konstruksiyalarini hisob-kitob qilish tavsiya etilgan. Jumladan, tasdiqlangan loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan tarh qismi nomutanosibligi ham bildirilgan.

Hozirgi kunda tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqan holda qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani sababli hududiy inspeksiya tomonidan 2021 yil 28 yanvar kuni tegishli ko‘rsatma berilgan va ijrosi nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Jizzax viloyatlaridagi noqonuniy qurilishlar haqida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid