Jahon | 14:37 / 02.03.2021
3368
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklarning 40 foizdan ortig‘i koronavirusga qarshi emlanishni istamasligi ma'lum bo‘ldi

Emlanishni istamaganlarning 66 foizi vaksinaning nojo‘ya ta'siridan qo‘rqishini, 33 foizi esa vaksinani samarasiz deb hisoblashini bildirgan. 

Foto: Brian van der Brug/Los Angeles Times via AP

AQSh aholisining 41 foizga yaqini koronavirusga qarshi emlanishni istamaydi, deb yozadi The Hill nashri Harvard Amerika siyosiy tadqiqotlar markazi (Harvard CAPS) va Harris Poll kompaniyasi so‘rovi natijalariga tayanib.

So‘rov natijalariga ko‘ra, qatnashchilarning qolgan 59 foizi koronavirusga qarshi emlanishni xohlaydi.

Emlanishni istamaganlarning 66 foizi vaksinaning nojo‘ya ta'siridan qo‘rqishini, 33 foizi esa vaksinani samarasiz deb hisoblashini bildirgan. 

Harvard CAPS-Harris poll so‘rovida 2006 nafar kishi qatnashgan.

The Hill nashrining yozishicha, AQShda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda oldinga siljish bo‘lgani bilan tibbiyot ekspertlari koronavirusning yangi paydo bo‘layotgan turlari barcha sa'y-harakatlarni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘tgan haftada AQSh oziq-ovqat va dori mahsulotlari sifatini sanitar nazorat qilish boshqarmasi (FDA) Johnson & Johnson kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasidan foydalanishni ma'qulladi.

Avvalroq Pfizer-BioNTech va Moderna kompaniyalari vaksinalari ma'qullangandi.

Pandemiya boshlanganidan buyon AQShda koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq holatlar soni 29,3 milliondan oshgan, 527 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Mavzuga oid