Jamiyat | 18:48 / 09.03.2021
10716
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ko‘plab ko‘chalar yopilgan. Shaharda tirbandliklar kuzatilmoqda

Samarqand shahrida bir qancha ko‘chalar ta'mirlash ishlari – elektr kabellari, tabiiy gaz va ichimlik suvi tarmoqlarini o‘tkazish ishlari olib borilayotgani uchun yopilgan. Bu holat ko‘hna shaharning boshqa ko‘chalarida tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Yaqin muddatda yana bir qator ko‘chalarda ta'mirlash ishlari olib borilishi sababli ular avtomobillar qatnovi uchun yopilishi yoki qarama-qarshi harakat tashkil etilishi mumkin. Bu esa ko‘hna shahar ko‘chalarida tirbandlik yanada oshishini anglatadi.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, yaqin orada Samarqand shahrining o‘ndan ortiq ko‘chasida ta'mirlash ishlari olib borilishi sababli transport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklanishi yoki qarama-qarshi harakat tashkil etilishi mumkin.

Ta'mirlash ishlari olib borilayotgan ko‘chalar:

  • Panjakent ko‘chasining Sadriddin Ayniy ko‘chasidan Islom Karimov xiyobonigacha bo‘lgan qismida;
  • Dahbed ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasidan Siyob kanali ko‘prigigacha bo‘lgan qismigacha;
  • Rudakiy ko‘chasining Gagarin ko‘chasidan Dahbed ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
  • Shohi Zinda ko‘chasining Dahbed ko‘chasidan Imom Al-Buxoriy ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
  • Shohi Zinda ko‘chasining Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidan Ulug‘bek observatoriyasigacha bo‘lgan qismida;
  • Abdurahmon Jomiy ko‘chasining Universitet xiyobonidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
  • Sadriddin Ayniy ko‘chasining Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidan Panjakent ko‘chasigacha bo‘lgan qismida;
  • Zarafshon shohko‘chasining Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidan M-37 avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qismida;
  • M-37 xalqaro avtomobil yo‘lining 0-3 kilometrlarida;
  • M-37 xalqaro avtomobil yo‘lining 33-42 kilometrlarida;
  • M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining 1081-1085 kilometrlarida.

Ma'lumot uchun, joriy yil 23 fevralda «2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident farmoyishi (F–5636-son, 23.02.2021 y.) qabul qilindi. Unga muvofiq, 2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Respublika tashkiliy komissiyasi tarkibi hamda Sammit tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha bosqichli ish rejasi tasdiqlandi.

Mavzuga oid