Surxonda odamlar tinglanmoqda: ochiq muloqot jarayonlari natijalari
Hayotingiz davomida sizga kimdir albatta yaxshilik qilgan. O‘shanda dunyoga kelganingizga, yaxshilarning borligiga ich-ichingizdan quvongansiz, shukrona aytgansiz.
Ha, bu hayot. Uning turfa ko‘chalari, so‘qmoqlari bor. Ulardan o‘tayotib goh qoqilamiz, goh oshig‘imiz olchi bo‘lsa, ba'zan boshi berk ko‘chaga kirganday muammolarimiz qarshisida ojiz qolgancha tentiraymiz, najot izlaymiz. Ayni o‘sha paytda bizga qo‘l cho‘zgan odamlar ko‘zimizga cho‘g‘day, avliyoday ko‘rina boshlaydi. Chunki, uni Yaratganning o‘zi ko‘ngliga solib, bizga yo‘liqtirganini sezib turamiz. Demak, ilinj bor...
Oyatullo Ne'matov Boysun tumanidagi Gaza mahallasida onasi va ikki nafar ukasi bilan yashaydi. Otasi 2014 yilda ishlash uchun Rossiyaga ketganicha qaytib kelmagan. Onasi «Ayollar daftari»ga kiritilgan. Oilaviy ahvoli og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj. Ammo Oyatullo ancha g‘ayratli, bilimga chanqoq. Yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda tashkilotchilik va boshlovchilik qilib, faollik ko‘rsatib kelgan. She'riy to‘plami chop etilgan.
Jurnalist bo‘lishga ishtiyoqi baland. Shu sababli maktabni bitirgach, birinchi yili O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga hujjat topshirib kirolmagan.
Boysunga qaytib biroz ishsiz yurgan. Tumanda o‘tkazilgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvi chog‘ida viloyat hokimi uni ishga joylashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Shundan so‘ng, Oyatullo maktabda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi sifatida ishlay boshladi. Ikkinchi yili ham Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga hujjat topshirib, kirolmay, yana Boysunga qaytib keldi.
Viloyat hokimi bilan navbatdagi uchrashuvda T.Bobolov uning ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandi ekanligi, g‘ayratli, tashabbuskor va ilg‘or fikrliligini inobatga olib, 74 million so‘m super kontrakt pulini to‘lab berdi va Oyatullo hozirda universitetning 1-kursida tahsil olmoqda.
— Oilamni og‘ir sharoitdan olib chiqishim uchun ham men o‘qishim kerak edi, — deydi Oyatullo Ne'matov. — To‘g‘ri, mening repetitorga beradigan pulim yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, imkon qadar tayyorlandim, harakat qildim. Lekin ikkinchi marta o‘qishga ilinolmaganimda biroz o‘ng‘aysiz vaziyatga tushib qolgandim. Viloyat hokimligi tomonidan kontrakt pulim to‘lab berilganidan keyin hayotimda katta o‘zgarish, burilish bo‘ldi. Muhimi, bugun bizni qo‘llab-quvvatlaydiganlar bor ekan. Men kabi yoshlarning taqdiriga befarq bo‘lmaganlar uchun ham Vatanimni yaxshi ko‘raman.
Quvonarlisi, bugun vohada Oyatulloga o‘xshash birgina yordam bilan hayotida katta o‘zgarish bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Keling, shubhalarga o‘rin qoldirmaslik uchun misollar keltiramiz.
Termiz tumanida yashovchi Diyorbek To‘raqulov hozir 22 yoshda. 2009 yilda otasi, 2011 yilda onasidan ajralgan. 2003 yilda va 2008 yilda tug‘ilgan ikki nafar ukasini shu kungacha bir o‘zi kunlik yollanma ishlarni qilib, boqib kelgan.
Uning yashash uyini borib ko‘rsangiz, ancha xarob ahvolda. Kuni bazo‘r o‘tib kelgan. Jonidan o‘tmasa, birov birovga iltimos qilib bormaydi.
Yaqinda u ham viloyat hokimiga murojaat qildi. Diyorbekning yashash sharoiti ko‘zdan kechirilib, hozirda unga qo‘shimcha binolar qurish, ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Buning uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan pul ajratildi. Diyorning o‘zi esa haydovchi bo‘lib, ishga ham joylashdi. Uchrashuv chog‘ida T.Bobolov uy bitgach, uylantirib qo‘yishni, ikki nafar ukasini ham qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimmasiga olganligini aytdi.
Aytish kerakki, bu kabi xayrli ishlarga viloyat bo‘yicha «Mahalla» xayriya jamoat fondi huzurida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi 213-f-son farmoyishi bilan tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi hisobidan 2021 yilning o‘zida sharoiti og‘ir talaba-yoshlarning 5 nafariga 95 mln so‘m, uy-joy ta'mirlash uchun 112,5 mln so‘m, salomatligini tiklash uchun 212 mln so‘m, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa 45 mln so‘mlik homiylik yordamlari ko‘rsatildi.
Jumladan, termizlik Saodat Yakubovaga jigar sirrozi kasalligi bo‘yicha Hindistonda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun 30 mln so‘m, jarqo‘rg‘onlik Shukrona Shodimahmatovaga Rossiyaning Moskva shahrida ko‘z kasalligi bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun 37 mln so‘m, qumqo‘rg‘onlik N.Cho‘tboyevaning uy-joyini ta'mirlash uchun 10 mln so‘m, Uzun tumani Jonchekka mahallasida yashovchi M.Aliyorovaning o‘g‘liga buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti uchun 6,5 mln so‘m pul mablag‘lari ajratilib, yordam ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan talaba-yoshlarga ham shartnoma pullarini to‘lashga, boquvchisini yo‘qotganlar davolanishi, uy-joyini ta'mirlashi uchun ham ko‘plab mablag‘lar yo‘naltirilgan.
Qolaversa, vohada yurak xastaligi bilan og‘riganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular ham imkon darajasida davolanishlari uchun juda ko‘p homiylik yordamlari qilinmoqda. Misol uchun, Angor tumani Ulug‘bek mahallasida yashovchi yolg‘iz ona Zilola Jo‘rayevaga farzandining yurak operatsiyasi uchun 20 mln so‘m mablag‘ ajratildi. Yoki Termiz shahrida yashovchi Behzod Jumayevning ham yurak jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi uchun 14 mln so‘m homiylik yordami ko‘rsatildi. Murakkab operatsiya viloyat kardiologiya markazining o‘zida Respublika kardiologiya reabilitatsiya markazidan kelgan jarroh ishtirokida o‘tkazildi.
Muhimi, ko‘mak olganlar bilan gaplashsangiz, kimningdir akasi, kimningdir ukasi, singlisi yo farzandining og‘ir darddan xalos bo‘lib yoki bir mushkuli yengil bo‘lib, yashashga umidi uyg‘onganini his qilasiz.
Davlat rahbarining «hamma rahbarlar ham xalq orasiga kira olmayapti», degan so‘zlarida jon bor. Harholda Surxondaryoda odamlarni tinglashyapti, «Xo‘sh sizning dardingiz nima, nima o‘ylantiryapti, qanday muammoingiz bor?» degan savol so‘ralyapti odamlardan.
Bir fikr kelaveradi xayolga, agar sayyor qabul bo‘lmaganda, rahbarlar hududlarga borib, odamlar bilan uchrashmaganda bu ishlar qayerda edi, deysiz. Balki hali ham kabinetdan chiqmay, hech nimani his qilmay o‘tiraverarmidik... Bu to‘g‘ri olib borilayotgan siyosatning natijasi aslida.
Bular-ku ochiq muloqot jarayonlaridan olingan misollar. Ammo, atrofga bir qarang, ko‘ring, dunyo biz haqimizda nima deyapti? Kechagina qanday yashardik, bugun O‘zbekistonda kichkinagina oddiy mixdan tortib mashinagacha, kerak bo‘lsa, katta-katta avtobuslar-u zamonaviy televizor, maishiy texnikalargacha ishlab chiqarilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari-yu bir qarich yerdan uch-to‘rt marta hosil olinayotgani, qo‘li qadoq dehqonning mahsuloti xalqaro bozorlarga eksport qilinayotgani-chi? Bular o‘z-o‘zidan bo‘lib qoladigan o‘zgarishlar emas. Shunga yarasha xalqni, odamlarni ham harakatga undash, buning uchun kerakli yordamni, imkoniyatni berish ham nazardan qochirilmagani uzoq va puxta o‘ylangan islohot natijasidir.
To‘g‘ri, ayrim sohalarda hali kamchiliklarimiz bisyordir. Chunki aravani hamma ham teng torta olmaydi. Oqsashlar, illatlar bo‘y ko‘rsatib turgani bor gap. Bu ham yaxshilikka aslida, ular bizni hushyorroq bo‘lishga, kamchilikni bartaraf etish uchun yangi harakatlar, yangi izlanish va rejalarga undaydi. Gap har bir ishimizni pishiq-puxta bajarishimizda.
Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.
Mavzuga oid
17:41 / 30.10.2024
Surxondaryoda isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlanadi
16:54 / 26.10.2024
Surxondaryo viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
19:37 / 25.09.2024
Sho‘rchi tumani hokimi o‘zgardi
17:09 / 24.09.2024